17:15 / 26.04.2020
10607
Inqirozdan so‘ng O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari qanday bo‘lishi kerak?
Foto: 123RF

Bir qarashda insonlarning tanalarinigina zararlaydigandek bo‘lib ko‘rinadigan koronavirus bugun butun dunyoni muzlatib qo‘ydi. Uning ta'siri nafaqat inson sog‘lig‘i bilan cheklandi, balki uning ahloqi, yurish-turishi, turmush tarzini o‘zgartirib yubormoqda. Bu o‘z navbatida milliy, regional va global miqyosdagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarga ham jiddiy ta'sir o‘tkazyapti. Ko‘z ilg‘amas bir zarra barcha munosabatlarning markazida inson turishi va unga zarar yetishi butun jamiyatga zarar yetishini yana bir bor isbotladi.

Bugun har bir jamiyat, har bir davlat koronavirusga qarshi kurash choralarini ko‘rish bilan birga, undan keyingi iqtisodiy va ijtimoiy hayot haqida ham bosh qotirmoqda. Pandemiya jahon miqyosida navbatdagi iqtisodiy inqirozni vujudga keltirayotgan vaziyatda, har bir davlat o‘z imkoniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga va koronavirusning ishbilarmonlik muhitiga ta'sirini kamaytirishga harakat qiladi. Ushbu maqolada postkrizis sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ayrim mulohazalar ko‘rib chiqiladi.

Yuqorida bejizga har bir munosabatning markazida inson turishiga urg‘u berilmadi. Postkrizis sharoitida iqtisodiyotni isloh qilish ham aynan insonni, uni harakatlantiruvchi qadriyatlarini isloh qilishdan boshlanishi lozim, nazarimizda.

Pandemiyagacha bo‘lgan holatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shaxsiy manfaat (self-interest) va boylik orttirish (wealth maximization) kabi iqtisodiy nazariyalar hamda ularning ommaviy tatbiq etilishi ta'sirida tobora moddiylashib borayotgan iqtisodiyot ko‘z oldimizga keladi. Natijada dunyoning deyarli yarim boyliklari atigi 1 foiz insonlar qo‘lida to‘planishiga olib keldi (The Global Wealth Report 2019).

Koronavirus singari sinovli vaziyatlar kimning aslida kimligini barchaga namoyon etib, asl haqiqatlarni eslatdi. Masalan, bir tadbirkor karantin choralari e'lon qilinganini eshitgan zahoti barcha uchun sinov bo‘lgan bu vaziyatdan ko‘proq foyda olishni ko‘zlab, aholi uchun zarur mahsulotlar narxini sun'iy ravishda oshiradi. Boshqasi esa narxlarni oshirmaydi, aksincha, iloji boricha muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zadi, xayriyalar qiladi.

Yoki bo‘lmasam, kimdir xalq dardini yengil qilish uchun volontyorlik asosida jamoat ishlarida ishtirok etadi, boshqa birov esa o‘zi muhtoj bo‘lmasa ham kam ta'minlangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan turli xayriya va ijtimoiy ko‘maklarga ochko‘zlarcha ko‘z tikadi.

Haqiqat shuki, o‘tgan asrning iqtisodiy nazariyalari asosan insonning faqat shaxsiy manfaat (self-interest) va boylik orttirish (wealth maximization) yo‘naltirib, insonning axloqiy va ijtimoiy xususiyatlarini e'tibordan chetda qoldirdi. Bunga javob sifatida boshqa olimlar ijtimoiy tadbirkorlik (social business), kompaniyaning ijtimoiy mas'uliyati (corporate social responsibility) yoki axloqiy iqtisodiyot (behavioral economics) kabi nazariyalarni taklif etdi va amalda sinab ko‘rsatdi.

Masalan, ijtimoiy tadbirkorlik (social business) nazariyasi asoschilaridan bo‘lgan professor Muhammad Yunus 2006 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlandi va bugungi kunda ko‘plab ijtimoiy biznes loyihalarini amalda tatbiq etib kelmoqda. Yoki o‘tgan asrning 50-yillarida vujudga kelib, 90-yillaridan keng tatbiq etila boshlangan kompaniyaning ijtimoiy mas'uliyati (corporate social responsibility) nazariyasi ham aynan bugun koronavirus sharoitida ko‘plab davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston ham, qo‘llayotgan tajribani isbotlaydi. Kuni kecha O‘zbekistonda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati tashkil etilgani bunga yaqqol misol bo‘ladi.

Endi ushbu maqolaning asosiy maqsadi, ya'ni postkrizis sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ayrim mulohazalar bilan o‘rtoqlashsak.

Iqtisodiyotda tuzilmaviy o‘zgartirishlarni amalga oshirish: mulkchilik shaklini diversifikatsiyalash, yangi biznes modellar va moliyalashdagi raqobat muhitini yaratish

COVID-19 natijasida dunyoning yirik davlatlari, shu jumladan O‘zbekistonning asosiy import-ekport hamkorlari bo‘lgan davlatlarda vujudga kelish ehtimoli yuqori bo‘lgan yangi iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonning eksport-import ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir qilishi, shuningdek O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti hisoblangan mahsulotlar narxining pasayishi budjetga tushadigan daromadlarni kamayishiga olib kelish xavfi yuqori.

Buning salbiy ta'sirini yumshatish maqsadida iqtisodiyotni mulkchilik shakli nuqtayi nazaridan ham, sohalar nuqtayi nazaridan ham diversifikatsiya qilish, unda xususiy sektorning rolini oshirish, investorlarga, eng avvalo milliy investorlarga yangi biznes modellar va muqobil moliyaviy instrumentlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, potensial investorlarga uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik imtiyozlar paketini joriy etish orqali iqtisodiyotning muayyan sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli choralar ishlab chiqish lozim.

Bunda, eng avvalo, davlat-xususiy sherikchilik loyihalari va ijtimoiy tadbikorlik kabi biznes modellari hamda biznesni moliyalashning muqobil institutlarini keng joriy etish bo‘yicha huquqiy asoslarni takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, yaqinda Adliya vazirligi tomonidan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi va bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Biznes uchun muhim sanalgan moliyalash instituti postkrizisda isloh qilinishi lozim bo‘lgan sohalardan biri sanaladi. Bu bo‘yicha ham qator huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Lekin ular asosiy qismi davlatga tegishli bo‘lgan banklar bilan cheklanib qolmoqda. Postkrizis sharoitida iqtisodiyotning ushbu segmentini ham tubdan isloh etish, biznesni moliyalashning asosiy instituti hisoblangan banklar va kapital bozori orasida haqiqiy raqobatni shakllantirish bo‘yicha tizimli choralar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Bu borada, eng avvalo, bozorga yangi moliyaviy vositalar kiritish va ularning muomalasiga tegishli mukammal huquqiy asoslarni yaratish lozim. Masalan, bugungi kunda dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida amal qilayotgan islomiy moliya vositalari va institutlari O‘zbekistonda postkrizis sharoitida iqtisodiyotni jonlantirish uchun yaxshi impuls bo‘lishi mumkin.

Buning uchun, eng avvalo, mazkur moliyaviy vositalar va institutlar faoliyat yuritishi uchun raqobatbardosh va samarali huquqiy asoslarni yaratish, aholi va biznesning bunday vositalar haqidagi xabardorligini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. 

Norasmiy sektor, mehnat resurslari va ishsizlik masalasi

O‘zbekiston Respublikasi jami mehnat resurslarining 42 foizdan ko‘prog‘ini (2019 yilning I choragiga ko‘ra) norasmiy sektorda ishlovchilar tashkil etadi. Norasmiy sektor ulushining yuqoriligi karantin sharoitida davlat tomonidan manzilli pul mablag‘larini yo‘naltirish uchun haqiqiy yordamga muhtoj aholini aniqlash va ajratib olish imkonini bermaydi (O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Kun.uz muxbiri bilan bo‘lgan onlayn suhbati).

Yordamga muhtoj aholini aniqlash va ajratib olish uzoq davom etadigan jarayon ekanini hamda ushbu jarayonga korrupsiya aralashmasligiga hech kim kafolat bermasligini inobatga olib, muammoni Hukumat qarori bilan tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali hal etish haqida to‘xtamga kelindi.

Aytmoqchimizki, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida norasmiy sektor faoliyati salmoqli o‘rin egallashi shu va shunga o‘xshash muammolarni yuzaga keltiraveradi. Karantin sharoitida qiyin ahvolda qolgan ayrim rasmiy sektor vakillari (korxonalar, tashkilotlar va h.k.) ham «norasmiy sektor imkoniyatlari»dan foydalanish harakatiga tushishi ehtimoli yuqori. Bu esa, o‘z navbatida, norasmiy sektor ulushining yanada ortishiga olib keladi. Mazkur holatda davlat tizimli ravishda samarali choralar ko‘rishi shart. Xususan,

1. Maxsus ishlab chiqilgan Dastur asosida norasmiy sektor ulushi yuqoriligining sabablarini o‘rganishga jiddiy va tizimli yondashishi;

2. Norasmiy sektor ulushi yuqori suratda saqlanib qolishiga sabab bo‘layotgan «davlatning o‘zini kamchiliklari»ni zudlik bilan bartaraf etishi;

3. Asossiz ravishda (ya'ni barcha imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da) norasmiy sektorda faoliyat olib borayotganlar bilan samarali muloqot olib borish orqali ularni rasmiy sektorga o‘tkazishga erishishi;

4. Norasmiy sektorni rasmiy faoliyat yuritishini rag‘batlantirish va bunday rag‘batlantirishdan keyin ham muayyan muddatdan keyin norasmiy qolayotganlarning javobgarligini oshirish bo‘yicha bo‘yicha tizimli choralar ishlab chiqish;

5. Karantin sababli iqtisodiy jihatdan mushkul ahvolda qolgan va vaziyatdan chiqish uchun «norasmiy sektor imkoniyatlari»dan foydalanishni mo‘ljallayotganlarni hozirdan aniqlash hamda ularga tegishli ko‘mak berish choralarini ko‘rishi kerak.

Hozirgi karantin sharoitida aksariyat ish beruvchilar iqtisodiy jihatdan qiyin vaziyatda qolgani sir emas. Aynan mana shu faktor mamlakatimizda ishsizlar sonining keskin ortishiga sabab bo‘lishi ehtimoli katta.

Bundan tashqari, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi jami mehnat resurslarining 12,5 foizi chet davlatlarda mehnat qilgan (2019 yilning I choragiga ko‘ra). So‘nggi yillarda migrantlar tomonidan O‘zbekistonga jo‘natilgan yillik pul o‘tkazmalari 6 mlrd dollarga yaqin summani tashkil etgan. Pandemiya va undan keyin ushbu daromadlarning kamayishi ham O‘zbekistonda ishsizlik darajasining ortishiga olib keldi.

Koronavirus pandemiyasi sababli xorijiy mamlakatlarda ham joriy etilgan karantin tadbirlari natijasida mehnat migrantlarining aksariyat qismi yurtimizga qaytishdi. O‘zbekistonga qaytishga ulgurmay qolgan ko‘plab hamyurtlarimiz ham karantin tadbirlari tugab, qatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi bilan o‘z uylariga qaytishlari kutilmoqda. Boshqacha so‘z bilan aytganda, ishsizlik muammosining shu vaqtga qadar xorijiy mamlakatlar hisobiga hal etilgan qismini ham (hech bo‘lmaganda, xorijiy davlatlarda ham ijtimoiy-iqtisodiy hayot qayta o‘z iziga tushgunga qadar) o‘zimiz yechishimiz kerak bo‘ladi.

To‘g‘ri, hozirgi karantin sharoitida aholining asosiy qismi uyda qolayotgani, ijtimoiy munosabatlar nisbatan sekinlashgani hamda muhtoj qatlamga imkon darajasida yordam ko‘rsatilayotgani ortida ishsizlik muammosi ko‘rinmayotgandek, nazarimizda. Biroq karantin tadbirlari nihoyasiga yetishi bilan ishsizlik yana dolzarb muammolardan biri sifatida yuzaga chiqishi aniq.

Yuqoridagilarga ko‘ra, davlatimiz oldida murakkab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga sabab bo‘ladigan ishsizlikning kutilayotgan ehtimoliy yuqori darajasiga qarshi tezroq jiddiy choralar ko‘rish vazifasi turibdi. Ishsizlikning kutilayotgan ehtimoliy yuqori darajasiga qarshi quyidagi choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq:

1. Mavjud ishsizlar soniga qo‘shilishi kutilayotgan ehtimoliy ishsizlar sonini sohalar bo‘yicha avvaldan prognozlashtirish;

2. Ish o‘rinlari qisqarishi jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga sabab bo‘ladigan sohalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish va hozirdan ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan yordam miqdorini aniqlash;

3. Vaziyat o‘nglangunga qadar vaqtinchalik ish bilan ta'minlash bo‘yicha maxsus loyihalarni ishlab chiqish;

4. Maxsus bilimlarga ega, biroq ichki mehnat bozorida ma'lum sabablarga ko‘ra ish topolmayotgan mutaxassislarga til o‘rgatish va ularni uyda qolgan holda xalqaro mehnat bozoridagi mavjud onlayn ishlarga jalb qilish bo‘yicha loyihalarni shakllantirish;

5. Koronavirus pandemiyasi ortda qolishi bilan xalqaro mehnat bozorida barqaror ish o‘rni va ish haqiga ega bo‘lish uchun migrant ishchilar o‘rtasidagi o‘ziga xos kurash qayta avj olishi ehtimoli yuqoriligini inobatga olib, migrant ishchilarning aksariyati o‘z vatanlariga qaytgan hozirgi karantin sharoitida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali jahon mehnat bozorida bo‘shab qolgan barqaror ish o‘rinlarini hozirdan aniqlash va karantin tugashi bilan ularga xorijda qolayotgan va xorijda ishlash istagini bildirayotgan doimiy ish va ish haqiga muhtoj bo‘lgan vatandoshlarimizni jalb qilish choralarini ko‘rish.

Munosabatni o‘zgartirish

Har bir musibatning bir yaxshi tomoni bo‘lganidek, koronavirus pandemiyasi ham yanada kuchliroq bo‘lish, yanada rivojlanish va takomillashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi tabiiy. Lekin bu imkoniyatlarda foydalanish uchun biz o‘zimizni va atrofimizdagi voqelikka bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak.

Bunda bizning kim sifatida, ya'ni iste'molchi, tadbirkor yoki davlat xizmatchisi bo‘lishimiz unchalik ahamiyatga ega emas. Asosiysi – har bir shaxs mas'uliyatni his etgan holda o‘z vazifasini vijdonan bajarsa yetarli. Shunda biz karantin e'lon qilinishi bilan do‘konning yarmini «supurib ketadigan» iste'molchidan yoki uyida yetarli ozuqasi va moli bo‘la turib muhtojlar uchun ajratiladigan yordamga ko‘z tikadiganlardan yoxud el boshiga ish tushganda ko‘proq daromad olish ilinjida narxlarni sun'iy oshiradigan «tadbirkor»dan, yo bo‘lmasa aholi uchun qiyin vaziyatdan foydalanib o‘z vakolatlarini suiiste'mol qiladigan davlat xizmatchisidan xalos bo‘lamiz.

Bunga tarixdan ko‘plab misollar keltirsa bo‘ladi. Masalan, ikkinchi jahon urushidan keyin o‘zining mablag‘lari va omonatlarini hukumatga topshirgan Yaponiya aholisi hukumat vakillari ushbu pullarni suiiste'mol qilmasliklariga ishonishgan. Biz esa hali ham karantin sharoitida aholiga maqsadli pul tarqatishda uning talon-taroj bo‘lishidan xavfsiraymiz. Shuning uchun so‘nggi 3 yildan beri amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi xalq ishonchini qozonishdan iborat bo‘lmoqda.

Yoki 2011 yilda Fukusimadagi atom elektr stansiyasi halokati natijasida vujudga kelgan inqirozda ham yapon xalqi o‘zini «boshqacha» tutdi, do‘konlardagi uzundan uzoq navbat buzilmadi, davlat tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga so‘zsiz amal qildi. Na iste'molchi tomonidan, na tadbirkor, va na davlat xizmatchisi tomonidan o‘zini o‘ylash yoki vaziyatdan foydalanib boylik orttirish holati kuzatilmadi.

Buning to‘liq sabablarini tahlil qilish uchun balki bir nechta tadqiqotlar zarur bo‘ladi. Lekin bir narsa aniqki, krizis vaziyatlaridagi bunday munosabatning zamirida inson, uning axloqi va tarbiyasi yotadi.

Xulosa qilib aytganda, pandemiya faqat musibat emas, balki to‘g‘ri foydanilsa, juda katta imkoniyat ham keltiradi. Koronavirus barcha munosabatlarning markazida inson turishini eslatdi. Ruh sog‘lom bo‘lsa, tananing bemorligi inson uchun katta halokat emas. Ammo tana qanchalik sog‘lom bo‘lmasin, ruhda nuqson bo‘lsa, ma'naviy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarda kamchilik bo‘lsa, tananing sog‘lomligi insonni qutqarib qola olmaydi. Bugun bizning iqtisodiyotimizga yuksak ma'naviy qadriyatlar va ahloqiy fazilatlarga ega insonlar va xalq ishonchi yetishmayapti. Asosiy sabab esa o‘zimizda, o‘zimizni isloh qilsak, iqtisodiy hayot ham, ijtimoiy hayot ham o‘z iziga tushadi.   

Otabek Narziyev
Toshkent davlat yuridik universiteti
«Xalqaro tijorat huquqi» kafedrasi mudiri,
yuridik fanlar doktori (PhD)

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top