16:53 / 26.04.2020
61232
«Kafolat yo‘q» – JSST koronavirusdan sog‘ayganlar kasallik qayta yuqishidan himoyalanmaganini bildirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jahon mamlakatlarini Covid-19’dan sog‘aygan odamlarga xavfsizlik sertifikatlari yoki immun pasporti bermaslik haqida ogohlantirdi. Tashkilotdagilarning aytishicha, hozircha koronavirusdan sog‘aygan va organizmida antitana hosil qilgan odam qayta kasallanmasligi haqida ishonchli dalillar yo‘q.

Foto: Reuters

Ayni vaqtda qator davlatlar hukumatlari Covid-19’dan sog‘ayganlarga ishga qaytish va jamoat transportidan foydalanishga ruxsat berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ammo JSST bunday qaror tuzalib chiqqan odamlar xavfsizlik choralarini qo‘llashni to‘xtatishi tufayli kasallanish darajasini oshirishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Ayni vaqtga kelib dunyo bo‘ylab virusdan zararlanish holatlari soni 3 millionga yaqinlashdi, qurbonlar soni 200 mingdan oshgan. Qat'iy karantin choralari jahon iqtisodiyotiga bemisl darajada zarar keltirdi.

JSST aynan nima dedi?
«Ayni vaqtda koronavirusga chalinib, keyin tuzalgan va antitana hosil qilganlar virusni qayta yuqtirishdan himoyalanganiga hech qanday dalil yo‘q», - deyilgan JSST bayonotida.

Shvetsiya - qat'iy karantin joriy etmagan davlatlardan biri / AFP

Bu mavzu bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kasallikdan tuzalganlarning qonida antitanalar shakllanadi, ammo ba'zilarda bunday antitanalar darajasi juda past bo‘lishi mumkin.

Farazlarga ko‘ra, Covid-19 bilan kasallangan bemor tuzalishi uchun uning tanasidagi ikkinchi himoya mexanizmi, hujayra immunitetini tartibga soluvchi va mutatsiyaga uchragan yoki begona hujayralarni yo‘q qiluvchi T-hujayralari yoki T-limfotsitlari o‘ta muhim.

24 aprel holatiga ko‘ra, birorta tadqiqot inson qonida SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi antitanalar hosil bo‘lishi takroriy kasallanishdan himoyalovchi immunitet mavjudligini tasdiqlovchi xulosalar bermagan.

JSST tomonidan ta'kidlanishicha, ayni vaqtda antitanalarni aniqlash uchun o‘tkazilayotgan laboratoriya teshkiruvlari aniqligiga ishonch hosil qilish kerak. Bundan tashqari, bunday testlar hozirgi pandemiyani keltirib chiqargan SARS-CoV-2 virusi va avvalgi koronaviruslardan farqlash kerak.

Qanday davlatlar immun pasportlari berishi mumkin?

AFP

O‘tgan haftada Chili hukumati koronavirusdan tuzalganlar uchun «sog‘liq holati pasporti» berilishi haqida ma'lum qilgandi. Unga ko‘ra, shifoxonadan javob berilganlarning qonida antitana hosil bo‘lgan bo‘lsa, ularga ishga qaytishga ruxsat beriladi.

Amalda karantin joriy etilmagan Shvetsiyada esa ayrim shifokorlar mamlakat aholisida yangi koronavirusga qarshi immunitet qat'iy karantin choralari qo‘llangan davlatlar aholisinikidan kuchli bo‘ladi deb hisoblashmoqda.

Ammo, BBC nashriga bergan intervyusida Shvetsiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili Anders Vallenshteynning tan olishicha, bu haqda hali ko‘p narsa ma'lum emas. «Imkon qadar ko‘proq odamni antitanalarni aniqlash uchun testdan o‘tkazish kerak, vaqt o‘tib qancha odam qayta kasallanishi ma'lum bo‘ladi», - degan u.

Aholi jon boshiga o‘lim darajasi yuqori bo‘lishiga qaramasdan Belgiya hukumati karantin choralarini 11 maydan yumshatishni rejalashtirmoqda.

Ammo Belgiya hukumatiga maslahat beruvchi professor-virusolog Mark van Ranst BBC’ga shunday dedi: «Men bunga qat'iyan qarshiman, odamlarga laboratoriya tahlillari natijalariga qarab qizil yoki yashil pasportlar berish to‘g‘ri emas. Bu soxtalikka olib keladi, odamlar qasddan bu virusni yuqtira boshlashi mumkin. Bu yaxshi emas, balki o‘ta zararli g‘oyadir».

Antitana yordam beradimi?
Avvalroq Londondagi Universitet kolleji (UCL) professori Mala Maini antitanalar inson organizmida qancha vaqt turishi va ular koronavirusdan qanchalik himoya qilishini tushunish uchun antitanalar bo‘yicha tekshiruvlarni tezroq ishlab chiqish kerakligini aytgandi.

«Biz bu antitana SARS-CoV-2’ga qarshi himoya xususiyatlariga egaligi haqida aniq bilmaymiz, ammo dastlabki ma'lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ularning mavjudligi karantinni bekor qilish uchun signal sifatida qaralishi mumkin», degan u.

Tahlil
BBC’ning sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha muxbiri Reychel Shrayer:

JSST ma'lumotlari butun dunyodagi tibbiyotchilar ma'lumotlariga asoslangan. Ammo bu tavsiyalar o‘zgarishi mumkin, chunki bu virus haqidagi bilimlarimiz kundan kunga to‘ldirib borilmoqda.

Antitanalar qayta kasallanishdan himoya qilishi isbotlanmagani uchun immun pasportlari tarqatilishi tavakkalchilik hisoblanadi.

Ko‘plab davlatlar, shu jumladan, Germaniya, Italiya va Britaniya hozirda koronavirusga qarshi antitanalarni aniqlash uchun aholi test qilinmoqda.

Britaniyada har oyda 25 ming kishi antitanalarni aniqlash, shuningdek, virus tashuvchisi emasliklarini tasdiqlash uchun test topshiradi.

Bu Covid-19’dan tuzalgandan keyin odamda immunitet rivojlanadimi va bu qancha vaqt davom etadi - shu bo‘yicha ayrim ma'lumotlar berishi mumkin. O‘shanda kelajakda anititanalarni aniqlash uchun test o‘tkazish va natijalarga ko‘ra immun pasportlari berish maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qligi aniq bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top