21:00 / 26.04.2020
50948
O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 800ga yaqinlashdi

O‘zbekistonda yana 24 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bugun sog‘ayib reabilitatsiyaga kuzatilganlar soni 82 nafar bo‘ldi, ayni vaqtgacha tuzalganlarning jami soni 789 nafarga yetdi.

«Dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olgan bir sharoitda yurtimizda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilgan zarur profilaktik chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolashda qahramonlik ko‘rsatayotgan minglab tibbiyot xodimlarining alohida o‘rni bor. 

Ushbu sa'y-harakatlar samarasi o‘laroq, bugun shu soatlarda yana to‘rtta: Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan 7 nafardan, Buxoro va Andijon viloyatlaridan esa 5 nafardan jami 24 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butkul sog‘aydi. Ular viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Andijon viloyatida tuzalganlarning 3 nafari erkak, 2 nafari ayol kishilardir. Shundan 3 nafari voyaga yetmagan bo‘lib, eng kichigi 2013 yilda tug‘ilgan.

Sog‘ayganlarning 2 nafari Andijon shahar, 1 nafari Andijon tumani va 2 nafari Baliqchi tumanidan. Bugungi kunga qadar viloyatda 152 nafar fuqarolar virusga chalingan bo‘lib, shundan 61 nafari butkul sog‘aydi. Hozirda 91 nafar bemor davolanmoqda.

Bungacha bugun Buxoro viloyatida 50 nafar, Toshkent shahrida 8 bemor sog‘aygani xabar qilingandi. Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 1869 holat qayd etilgan, bemorlarning 8 nafari vafot etgan, 789 kishi sog‘aygan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top