07:34 / 26.04.2020
11293

Pokistonda shifokorlar himoya vositalari yetishmayotgani sababli ochlik e'lon qildi

Pokistonda shifokorlar va hamshiralarning katta guruhi ochlik e'lon qildi. Ular koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlashda ishonchli himoya vositalari bilan ta'minlanishlarini talab qilishmoqda.

Bu haqda AFP axborot agentligi xabar berdi. 

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p sonda koronavirusga chalinganlar qayd qilingan Panjob viloyatida 150 shifokor koronavirusga chalingan. Bunga, birinchi navbatda, og‘ir bemorlar bilan ishlashda professional himoya vositalari yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, bu Pokistonda o‘tayotgan bunday birinchi norozilik aksiyasi emas. Avvalroq Kvetta shahrida davolash jarayonini ta'minlashda davlat tomonidan yordam qilinmayotganiga qarshi norozilik bildirgan 50 shifokor ushlangan.

“Hukumat talablarimizga quloq solmaguncha to‘xtamaymiz”, deb aytgan “Sog‘lom viloyat uchun alyans” rahbari, shifokor Salmon Hasib.

Ayni vaqtda Pokistonda koronavirusga chalinganlar soni 12,5 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 269 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top