10:30 / 26.04.2020
161688

Shimoliy Koreya nashrlari Kim Chen In vafoti haqidagi xabarlar ortidan uning bayonotini e'lon qildi    

Foto: EPA

Shimoliy Koreyaning “Nodon sinmun” markaziy gazetasi hamda markaziy radiosi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In vafoti haqida xabarlar tarqalayotgani ortidan uning nomidan xabar e'lon qildi. 

Kim Chen In o‘z xabarida oxirgi yillarda Shimoliy Koreyadagi eng yirik qurilish - Samchjiyon shahridagi qurilishda ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirgan.

Bu haqda “Ryonxap” axborot agentligiga tayanib TASS va “RIA Novosti” axborot agentliklari xabar bergan.

Biroq Shimoliy Koreya yetakchisining ushbu bayonotni qachon bergani va u hozir qayerdaligi ma'lum qilinmagan.  

Shimoliy Koreyaning Markaziy telegraf agentligi 26 aprelda Kim Chen Inning faoliyati bilan bog‘liq xabar e'lon qilmagan. Agentlik Rossiyaning KPRF partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganov 24 aprelda Kim Chen Inga Rossiya va Shimoliy Koreyaning 2019 yil aprelda Vladivostokda o‘tgan sammitiga bir yil bo‘lgani munosabati bilan tabrik telegrammasi yuborganinigina ma'lum qilgan. 

25 aprelda jahon ommaviy axborot vositalari Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etgani yoki miya yarimsharlari shikastlanishiga olib keluvchi “vegetativ” holatda ekanini ma'lum qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Kim Chen In stent o‘rnatish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz jarrohlik amaliyotidan keyin komaga tushgan yoki hattoki o‘lgan. Bu orada Xitoy, AQSh va Rossiya Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etganini rad etmoqda.   

Koreya do‘stlik assotsiatsiyasi rahbari, diplomat Alexandro Kao de Benos Kim Chen Inning o‘limi haqidagi ma'lumot haqiqatga mos emasligini ma'lum qilgan. Assotsiatsiya saytida de Benos Shimoliy Koreyaning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalari bo‘yicha qo‘mitasining maxsus vakili deb ko‘rsatilgan.

“Marshalimiz Kim Chen In og‘ir ahvoldaligi haqidagi ma'lumot yolg‘on va badniyat hisoblanadi”, deb aytgan de Benos. 

Avvalroq Hongkongning HKSTV sun'iy yo‘ldosh televideniyesi vitse-direktori Tsin Fen Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Kim Chen In vafot etganini ma'lum qilgan. Fenning taxkidlashicha, unga bu axborotni “juda ishonchli manba” tasdiqlagan. 

Biroq keyinroq Fenning sahifasidagi ushbu xabar olib tashlangan. 

Yaponiyaning Shukan Gendai nashri esa Kim Chen In yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazgani va og‘ir ahvoldagini ma'lum qilgan. Xitoydagi manbaning nashrga ma'lum qilishicha, Kim Chen In ishchi safarlardan birida o‘zini yomon his qilgan va unga yurak massaji qilingan holda tez yordam olib ketgan.

Kim Chen In jarrohlik amaliyoti o‘tkazganini Daily NK nashri ham xabar qilgan. Uning manbalari ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi 12 aprelda mamlakat oliy rahbariyati uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan shifoxonada operatsiya qilingan. Unga Pxenyandagi shifoxonalardan eng malakali jarrohlar chaqirtirilgan. Jarrohlik amaliyotidan keyin Kim Chen In o‘zining villasiga tiklanish uchun jo‘nagan.

 

Mavzuga oid
Top