16:11 / 26.04.2020
10244
Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari almashdi

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning 23 apreldagi qarorlari bilan, hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari o‘zgardi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Bu lavozimda ishlab kelgan Shermatov Kamoliddin Mamurovich vazifasidan ozod etildi. U 2019 yil 7 sentyabrda ushbu lavozimga tayinlangan edi.

Viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelgan Alimbekov Botir Bahodirovich hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Botir Alimbekov
Foto: Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati

Tayinlov uchun Prezident Administratsiyasidan 23 aprel kuni rozilik xati olingan.

Botir Alimbekov 1978 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat agrar universiteti, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – zoomuhandis, iqtisodchi (qishloq xo‘jaligi).

Alimbekov faoliyati davomida davlat soliq inspektori (2002-2005), «Qishloqxo‘jalikkimyo» hududiy AJ mutaxassisi, tuman filiali mudiri, rais o‘rinbosari va boshqaruv raisi (2005-2016), Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i (2016-2017), «Toshkentagrokimyohimoya» hududiy AJ direktorining birinchi o‘rinbosari va jamiyat direktori (2017-2019) lavozimlarida ishlagan.

Top