17:22 / 27.04.2020
2629

Aprel oyida 121 mingdan ortiq kishi jamoat ishlariga jalb etildi - vazirlik

Ayni paytda jamoat ishlari 20ga yaqin yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga jalb etilgan fuqaroga ish haqi har 5 kunda to‘lab beriladi.

Bugun, 27 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Shahnoza Ravshanova vaqtincha daromadsiz qolgan shaxslarni jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi ta'minlanayotgani haqida ma'lumot berdi.

«Aprel oyining o‘zida 121 mingdan ortiq fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, ularning xizmat haqlari har 5 kunda to‘lab berildi.

Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan 200 milliard so‘m ajratilgan», deya ta'kidladi Shahnoza Ravshanova.

Uning qayd etishicha, ayni paytda jamoat ishlari 20ga yaqin yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan. Oldin bu ko‘rsatkich 8-9ta atrofida bo‘lgan. Yo‘nalishlar soni ortishi noan'anaviy yo‘nalishlar qo‘shilishi hisobiga bo‘lgan.

«Masalan, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish, qurilish kabi yo‘nalishlardan tashqari, yolg‘iz qariyalarni parvarishlash, niqob ishlab chiqarish, dezinfeksiya ishlari, mahallalarda tashkil etilayotgan ko‘chma savdo markazlari, xayriya markazlaridagi faoliyat orqali ham fuqarolarning daromad topish imkoni paydo bo‘lmoqda.

Shuningdek, karantinga olingan oila va xonadonlarga yordamchi posbon, ichki ishlar va milliy gvardiya xizmatlari tomonidan tashkil etilgan blokpostlarga xalq posboni lavozimlarida ishlash uchun ham vaqtincha ishsiz fuqarolar jalb etilmoqda», dedi  Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili brifingda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari orqali subsidiyalar ajratilishi haqida ham ma'lumot berilgan edi.

Top