00:34 / 27.04.2020
51663
«Jarrohning qo‘llari qaltiragan»: Kim Chen Inda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti tafsilotlari paydo bo‘ldi  

Yaponiyaning “Syukan Genday” nashri Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘tkazgan jarrohlik amaliyoti tafsilotlari keltirilgan maqolani e'lon qildi.

Maqola muallifi Xitoy tibbiy doiralaridagi manbaga tayanib, Kim Chen Inni operatsiya qilgan jarroh juda asabiylashganini, uning qo‘llari qaltiragani va shu sababli operatsiya bir daqiqa o‘rniga 8 daqiqaga cho‘zilib ketganini ma'lum qilgan. 

“Shimoliy Koreya raisi Kim Chen In hududlardan birini ko‘zdan kechirayotganda to‘satdan yuragini ushlab qolib, yiqilib tushgan. Unga hamrohlik qilgan shifokorlar shoshilinchda yurak massaji o‘tkazib, uni yaqin oradagi tibbiy yordam bo‘limiga yetkazishgan”, deyilgan maqolada.

Manbaning ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya tomoni shundan keyin Xitoydan zudlik bilan yordam so‘ragan. Xitoy bunga javoban Pekindan 50 ga yaqin shifokordan iborat guruhni maxsus bortda Pxenyanga jo‘natgan.

“Biroq shimoliy koreyalik shifokorlar xitoylik tibbiyotchilarni kutishsa, bemor omon qolmaydi, deb hisoblab, o‘zlari yurakka stent o‘rnatish bo‘yicha shoshilinch operatsiyani o‘tkazishga qaror qilishgan”, deb ta'kidlab o‘tgan manba. 

Ta'kidlanishicha, stentlash bo‘yicha operatsiya uncha murakkab hisoblanmaydi va “stentni yurakning bosh qon tomiriga o‘rnatish taxminan bir daqiqa vaqt oladi”.

“Biroq operatsiyani o‘tkazgan jarroh kuchli asabiylashgan, uning qo‘llari qaltiragan. Unda semiz bemorlarda bunday operatsiyalar o‘tkazish tajribasi bo‘lmagan. Shu sababli stentni o‘rnatishga 8 daqiqa vaqt ketgan”, deb keltirgan nashr xitoylik manba so‘zlarini.

Avvalroq Janubiy Koreyaning Daily NK nashri Kim Chen In yurak-tomir tizimi bilan bog‘liq operatsiyadan keyin davolanish kursidan o‘tayotganini ma'lum qilgan. Shundan keyin AQShning New York Post nashri Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etganini, yapon nashri esa u operatsiyadan keyin “vegetativ holatda” ekanini yozgan.

Top