13:52 / 27.04.2020
22499
Koronavirusdan o‘lim holatlari xloroxin preparati bilan bog‘liq emasligi bildirildi

Koronavirus bilan og‘rigan bemorlar ilgari bezgak uchun qo‘llanilgan xloroxin preparati yordamida davolanayotgani aytilgan edi. Keyinchalik ba'zi xorijiy nashrlar xloroxinni qabul qilgan bemorlarda o‘lim kuzatilgani haqida ma'lum qildi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Foto: REUTERS / Lindsey Wasson

Ushbu savolga Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibulla Oqilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda javob berildi.

“Gidroksoxlorin (xloroxin) ko‘pgina mamlakatlarda koronavirusni davolashda o‘z samarali natijasini ko‘rsatgan. Bu dori bilan davolaganda bemorda virus yuklamasi sezilarli darajada kamayadi yoki mutlaqo yo‘qoladi.  Dorining samarasini kuchaytirish uchun azitrometsin bilan birgalikda qo‘llaniladi. Bu haqida xitoylik va fransuz shifokorlari aytishmoqda.

Xloroxinni uzoq muddat qo‘llash natijasida yurak aritmiyasi kuzatilishi mumkinligi bois u bilan bog‘liq barcha muolajalar elektrokardiogramma nazorati va kardiolog konsultatsiyasi asosida olib boriladi. Ammo O‘zbekistonda qayd etilgan 8ta o‘lim holatining birontasida bemorda yurak aritmiyasi kuzatilmagan”, deya Habibulla Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Aytilishicha, xloroxin dorisi ishtirokidagi muolajalar faqatgina og‘ir ahvoldagi bemorlarda – boshqa muolaja sxemalari samarasiz bo‘lganda qo‘llaniladi.

“Bunday muolaja sxemasi faqatgina og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun qo‘llaniladi. Xususan, xloroxin dorisi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan, yurak ritmining buzilishi, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘lgan bemorlar, homiladorlar va bolalarda qo‘llanilmaydi. 

Shuni qayd etish kerakki, koronavirusga jahon tibbiyoti birinchi marta duch keldi. Unga qarshi dorilarni qo‘llash bazasi haqida aniq ma'lumotlarni muayyan vaqtdan keyingina gapirish mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Habibulla Oqilov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top