12:27 / 27.04.2020
6553
Navoiyda qonunga xilof ravishda qurol saqlash holati aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 20 aprel kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Uning davomida Xatirchi tumani "Tasmachi" MFYda yashovchi 45 yoshli U.R. o‘zining yashash  uyida 2 dona ov quroli va 9 dona patronni tegishli ruxsatnomasiz qonunga xilof ravishda saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu ov quroli va patronlar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

O‘tkazilgan sudga oid ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, aniqlangan ikki qurolning biri yaroqsiz bo‘lib, ikkinchi qurol esa 16 kalibrli “IjK” rusumli ov quroli ekanligi, ishlatishga yaroqli bo‘lgan 9 dona patron otish uchun yaroqli ekanligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Xatirchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi (Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U.R. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Top