13:40 / 27.04.2020
34674
O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 800dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoro viloyatida yana 15 bemor tuzalgani va jami tuzalganlar soni 800 nafardan oshgani to‘g‘risida ma'lum qildi.

Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 15 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, shifo topganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 13 nafari erkak, 2 nafari ayol. Bemorlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yosh.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 265 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 280 nafarga yetdi. 

Ayni vaqtgacha mamlakat bo‘yicha koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 804 nafarni tashkil etmoqda.

Virus tarqalishni boshlagandan buyon 1887 kishida virus aniqlandi, shundan 804 kishi sog‘aydi, 8 kishi vafot etdi, 1075 kishi shifoxonalarda qolmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top