13:40 / 27.04.2020
69064
«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi

Bugun O‘zbekistonning katta qismida ob-havo issiq bo‘ladi. Soat 10da havo harorati kechagi maksimumdan yuqori bo‘ldi, kun o‘rtasiga kelib esa havo 34 darajagacha, janubda va cho‘l zonasida 37 darajagacha isiydi. Bugun bu yilgi shu vaqtgacha bo‘lgan aprelning eng issiq kuni bo‘ladi.

 «O‘zgidromet»ning yozishicha, eng issiq yillarda Toshkentda aprel oyi oxirida havo harorati 34-35 darajagacha ko‘tarilgan, 2006 yil 27 aprelda esa 36,4 darajani tashkil qilib aprel haroratining mutlaq rekordiga erishgan.

Bugun faqat respublikaning shimoliy tumanlariga navbatdagi nam havo oqimi kiradi va kechga borib Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq bo‘ladi. Harorat boshqa joylarga qaraganda pastroq — 23-28 daraja atrofida bo‘ladi. Bugun kechasi va ertaga ertalab respublikaning shimoliy tumanlarida yomg‘ir davom etadi, shuningdek Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Ertaga kunduzi yog‘ingarchilik zonasi respublikaning markaziy va janubiy hududiga ko‘chadi. 28 aprelda kunduzi va 29 aprelda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida vaqti — vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 28 aprelda ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 29 aprel kechga borib yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika hududi bo‘ylab bosim ko‘tariladi harorat esa pasayadi va 29 aprelda 20-25 darajani tashkil qiladi.

30 aprelda va 1 may kuni butun O‘zbekiston hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, 2 mayda esa ikki kunlik tanaffusdan so‘ng mamlakatda yana yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Bu kunlarda harorat 23-28 daraja atrofida bo‘ladi.

Top