20:14 / 27.04.2020
24694
«Yashil», «sariq» va «qizil» zonalar: koronavirus yuqtirganlikda gumon qilinganlarni karantin majmuasida saqlashga oid nizom tasdiqlandi
Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan, koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibini belgilovchi nizom qabul qilindi.

Ushbu nizomga ko‘ra, chegara bojxona postlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilar dastlab sanitariya-karantin punktlarida tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng chegara va bojxona xizmatlari nazoratidan o‘tkaziladi. So‘ngra ularning ro‘yxati shakllantiriladi.

Markaz chegaradan o‘tayotgan shaxslar ro‘yxati asosida karantinga olinadigan shaxslarni joylashtirish uchun karantin majmuasida ularning soniga muvofiq tegishli xonalar ajratilishini ta'minlaydi.

Karantinga olinadigan shaxslar ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari xodimlari kuzatuvi va nazorati ostida karantin majmuasiga olib boriladi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxs aniqlanganda ichki ishlar organlari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari tomonidan darhol koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati shakllantiriladi.

Bunda, koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlar koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi darajasiga qarab Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan mezonlar asosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda va muloqotda bo‘lgan shaxslarga ajratiladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi shu vaqtning o‘zida koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxatini elektron aloqa vositalari orkali tegishli hududdagi mahalliy davlat hokimiyati organi, sog‘liqni saqlash organiga hamda markazga yuboradi.

Ichki ishlar organi tomonidan koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tegishliligi bo‘yicha tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (IIOFMB bo‘limlari)ga yuboriladi.

Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) darhol o‘zlariga tegishli hududda yashaydigan koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarni uy sharoitida «o‘zini-o‘zi yakkalash»ini ta'minlaydi.

Markaz koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin mulokotda bo‘lganlarning ro‘yxati asosida karantinga olinadigan shaxslarni joylashtirish uchun karantin majmuasida ularning soniga muvofiq tegishli xonalar ajratilishini ta'minlaydi.

Karantin majmuasi hududi yashil, sariq va qizil zonalarga ajratiladi.

Yashil zonaga tibbiyot va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, nazorat organlarining xodimlari, shuningdek karantin majmuasining yordamchi bo‘limlari xodimlari va karantin majmuasi ma'muriyatining ruxsati bo‘lgan boshqa shaxslar joylashtiriladi.

Qizil zonaga karantinga olingan shaxslar joylashtiriladi.

Sariq zona - qizil zonadan yashil zonaga yoki yashil zonadan qizil zonaga o‘tish uchun ularning oralig‘ida joylashtiriladigan hamda u yerda bo‘lgan shaxslarning kiyinishi, yuvinishi va kiyimlarini zararsizlantirishga mo‘ljallangan xonalar.

Karantinga olingan shaxslar karantin majmuasida 14 kun davomida yoki karantinga olingan shaxsning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilab berilgan muddat davomida saqlanadi.

Karantinga joylashtirilgan shaxslarga tegishli bo‘lgan mobil telefon, audio va video vositalar, kredit kartalar hamda boshqa axborot tashuvchi buyumlar vaqtincha olib qo‘yiladi.

Karantinga olingan shaxslar tashqaridan har qanday ko‘rinishdagi pochta jo‘natmalari, posilka va banderollar qabul qilishi taqiqlanadi, bundan quyidagi jo‘natmalar mustasno:

surunkali kasalikka chalingan karantinga olingan shaxslar uchun dori-darmon vositalari;

davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra maxsus parhez mahsulotlari;

bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va zarur gigiyena mahsulotlari;

qo‘shimcha gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar va adabiyotlar.

Karantin majmuasida koronavirus infeksiyasi klinik belgilari kuzatilgan shaxs aniqlanganda, u darhol karantin majmuasining alohida xonasiga (izolyatorga) ko‘chiriladi va uni 6 soat ichida tegishli kasalxonaga (gospital, provizor gospital) yuborish choralari ko‘riladi. Bu shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlar esa laboratoriya tahlili natijalari olingunga qadar, o‘z xonalarida izolyatsiya qilinadi.

Karantin majmuasiga joylashtirilgan shaxslarni karantin majmuasidan chiqarishda quyidagilar inobatga olinadi:

– tana harorati karantin muddatining oxirgi 3 kuni davomida me'yordaligi;

– nafas olish belgilarining yaxshiligi;

– kasallikning boshqa belgilari mavjud emasligi;

– karantin muddatida jami uch marotaba polimeraziya zanjirli reaksiya (PZR) tahlili o‘rganishda manfiy natija chiqqanligi.

Karantin majmuasidan chiqarilayotgan shaxslarning vaqtinchalik olib qo‘yilgan buyumlari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ularning o‘zlariga yoki ularning yaqin qarindoshlari yoxud qonuniy vakillariga karantin muddati tugaganidan keyin qaytarib beriladi.

Karantin majmuasi tomonidan karantindan chiqqan shaxslar haqida ularning yashash joylaridagi poliklinikalarga axborot beriladi.

Karantinga olingan shaxslar ustidan keyingi 10 kun davomida yashash joyidagi poliklinika shifokori tomonidan telefon orqali kuzatuv o‘rnatiladi.

Top