20:11 / 28.04.2020
20551
Bir kunda 100 kishi tuzaldi. Sog‘ayganlarning jami soni mingga yaqinlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijon va Surxondaryoda koronavirus bemorlarining navbatdagi guruhlari sog‘aygani to‘g‘risida xabar berdi.

«Bugun ham o‘tgan kunlardagi kabi koronavirus infeksiyasiga chalingan ko‘plab bemorlarning guruh-guruh bo‘lib sog‘ayib chiqishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Barchamiz uchun quvonchli bo‘lgan ushbu jarayonda shifokorlarimizning hissasi ulkan ekanini, yana bir bor, alohida e'tirof etish joiz.

Ayni shu soatlarda Andijon viloyatida 27 nafar, Surxondaryo viloyatida 7 nafar, jami 34 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. 

Endilikda darddan forig‘ bo‘lganlar Andijonda 88 nafarni, Surxondaryoda esa 18 nafarni tashkil qilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Bungacha Farg‘ona viloyatida 7 nafar, Qashqadaryo viloyatida 1 nafar, Buxoro viloyatida 9 nafar, Toshkent shahrida esa uchta tibbiyot muassasasida jami 49 nafar reabilitatsiyaga kuzatilgani to‘g‘risida ma'lum qilingandi.

Shu tariq, bugunning o‘zida 100 nafar bemor tuzalib, ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 992 nafarga yetdi.

Top