00:36 / 28.04.2020
14975

«Biz bu jangda g‘olib bo‘ldik» – Yangi Zelandiya bosh vaziri mamlakat koronavirusni yengganini e'lon qildi

Foto: AFP

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakat koronavirusni yengganini e'lon qildi. Uning aytishicha, virusga chalinishning yangi holatlari aniqlanmagan.

«Yangi Zelandiyada bugun koronavirus tarqalish holatlari aniqlanmadi. Biz bu jangda g‘olib bo‘ldik», deb Jasinda Ardernning so‘zlarini keltirmoqda VVS. Bosh vazirning aytishicha, mamlakat karantin choralarini erta kiritgani va fuqarolarning unga amal qilgani natijasida kasallikni yengishga erishgan.

Yangi Zelandiya kasallanganlar soni bir necha nafar bo‘lgandayoq karantin joriy etgandi. 26 martdan mamlakatda maktab, ofis va plyajlar yopilgan. Ekspertlarning aytishicha, Yangi Zelandiyaga koronavirusni yengishda geografik joylashuvi yordam bergan. Mamlakat orol bo‘lgani uchun chegaralarni yopish va immigratsiyani nazorat qilishda qiynalmagan.

Dushanba kuni mamlakat karantinning to‘rtinchi darajasidan uchinchi darajasiga qaytdi. Virus bilan kasallanish holatlari aniqlanmani sabab korxonalarga faoliyatini tiklashga ruxsat berildi. Ammo ijtimoiy masofani saqlash tartibi bekor qilinmaydi.

Guardian`ning yozishicha, maktablar qisman tiklanishi mumkin. 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktablarga qaytishiga ruxsat beriladi, chunki ular masofaviy ta'lim olishda qiynalgan.

«Biz iqtisodiyotni tiklaymiz, ammo ijtimoiy hayotni emas», degan Jasinda Ardern Yangi Zelandiyada ishlab chiqarish qayta tiklanishi haqida. 28 apreldan mamlakatda millionlab odamlar ishga qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Yangi Zelandiyada 1 122 kishi koronavirus yuqtirgan va 19 ta o‘lim holati qayd etilgan. 27 aprel kuni mamlakatda birorta virus yuqtirish holati aniqlanmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top