22:15 / 28.04.2020
4091
Braziliya prezidentiga impichment e'lon qilinishi mumkin

28 aprelda Braziliya oliy sudi mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruga nisbatan tergov o‘tkazilishiga ruxsat berdi. Bolsonaru huquq-tartibot idoralari faoliyatiga aralashishda va sudga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.

Jair Bolsonaru / Foto: Getty Images

Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi
        
Prezidentga qarshi ayblovlarni 24 aprelda iste'foga chiqqan sobiq adliya vaziri Serjiu Moru ilgari surdi. U bu ayblovlarga prezident bilan o‘zaro ziddiyatlar hamda federal politsiya rahbari Maurisiu Leyche Valeyshuning o‘z lavozimidan bo‘shatilishi sabab bo‘lganini aytgan. Moruning fikricha, Valeyshuning bo‘shatilishi politsiya prezident o‘g‘illariga qarshi olib borayotgan aksilkorrupsiyaviy tergov bilan bog‘langan. Moru, shuningdek, Bolsonaruni hujjatlarni soxtalashtirishda ayblab, prezidentning politsiya boshlig‘ining o‘z lavozimidan olinishi haqidagi farmonidagi elektron imzosi qalbaki ekanini aytgan.

“Prezident o‘z qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikdan ozod etila olmaydi, chunki hech bir inson, jumladan mamlakat rahbari, konstitutsiya va respublika qonunlaridan ustun bo‘la olmaydi”, deyilgan oliy sud bayonotida. Sudya Moruning ayblovlari bo‘yicha 60 kun ichida tergov o‘tkazishni buyurgan. Tergov natijalariga ko‘ra prokuratura prezidentga rasman ayblov qo‘yish-qo‘ymaslik haqida qaror qabul qiladi. Prezidentga ayblovlarning qo‘yilishi ish oliy sudga oshirilishi uchun kongressning quyi palatasi tomonidan ham ma'qullanishi lozim. Bu holatda Bolsonaru 180 kunga o‘z lavozimini bajarishdan vaqtinchalik chetlatiladi. Agar uning aybi isbotlansa, u impichment tartiboti orqali o‘z lavozimidan mahrum etilishi mumkin.

Ammo ta'kidlanishicha, deputatlar palatasi prezident tarafdorlari tomonidan nazorat qilinishi sababli buning ehtimoli kam. Shu bilan birga, sobiq adliya vazirining ayblovlari tasdiqlanmasa, uning o‘zi prezident nomiga yolg‘on ayblovlar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Bolsonaruning o‘zi esa o‘z nomiga bildirilayotgan ayblovlarni asossiz deb hisoblamoqda va o‘z oila a'zolarini himoya qilish uchun hech qachon politsiyaga bosim o‘tkazishga urinmaganini aytmoqda.

Moru Braziliya vazirlar mahkamasini ikki hafta ichida tark etgan ikkinchi vazir bo‘ldi. Avvalroq o‘z iste'fosi haqida sog‘liqni saqlash vaziri Luic Enrike Mandetta e'lon qilgan. Uning iste'foga ketishi u va prezident o‘rtasida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq choralar bo‘yicha ziddiyat yuzaga kelgani bilan bog‘langan.

Top