01:47 / 28.04.2020
11056
Eronda koronavirusdan “dori” sifatida metanol qabul qilish 728 kishi o‘limiga olib keldi

Eron aholisi orasida metanol (metil spirti) koronavirusdan davolashi borasidagi yanglish fikr 20 fevraldan 7 aprelgacha 728 kishining o‘limiga olib keldi.

Foto: Amir Hesaminejad

Bu haqda Eron sog‘liqni saqlash vazirligi maslahatchisi Husayn Hasanian ma'lum qilgan. 

Eronda spirtli ichimliklar iste'mol qilish shariat bilan qat'iyan taqiqlangan bo‘lsa-da, biroq aholi orasida metanol koronavirusning oldini olishda va undan davolashda iste'mol qilinishi kerakligi haqida gaplar yuribdi.

Ta'kidlanishicha, alkogolga talab oshgani ortida mahalliy “samogonchilar” zaharli metanol sotishni boshlashgan. Uning iste'moli og‘ir zaharlanishga yoki hattoki o‘limga olib kelishi mumkin.

Eronning sud-tibbiyot ekspertizasi milliy boshqarmasida ma'lum qilinishicha, mamlakatda joriy yilda alkogoldan zaharlanishlar 2019 yilga nisbatan 10 martadan ko‘proqqa oshgan. 2019 yilda mamlakatda 66 kishi alkogoldan zaharlanib vafot etgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Eronda koronavirusga chalinganlar soni 91 mingdan ko‘proqni, vafot etganlar 5806 nafarni tashkil qilmoqda. 70 mingdan ko‘proq kishi kasallikdan sog‘ayib ketgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top