14:09 / 28.04.2020
5415

Markaziy bank propiska o‘zgargani sababli to‘lanmagan pensiyani qanday olish mumkinligini tushuntirdi

Markaziy bank propiska o‘zgargani sababli pensiya oluvchiga to‘lanmagan pensiya qanday tartibda olinishini tushuntirdi.

Foto: Markaziy bank

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.

Nizomning 170-bandiga asosan, pensiya oluvchi shaxs O‘zbekiston Respublikasi doirasida doimiy yashash uchun boshqa tuman (shahar)ga ko‘chgan taqdirda, pensiya hujjatlar yig‘majildi pochta orqali pensionerning yangi yashash joyi joylashgan yerdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi yoxud pensionerning qo‘liga beriladi. 

Pensiya oluvchi shaxs bir tuman (shahar) hududida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida boshqa tuman (shahar)ga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda pensiya avvalgi yashash joyi bo‘yicha shaxs ro‘yxatdan chiqarilgan oyning oxirigacha to‘lanishi lozim.

Ushbu holatda pensiyani to‘lash pensiya hujjatlar yig‘majildi olingandan keyin pensiya oluvchi shaxsning yangi yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan davom ettirilishi, bunda pensiyani to‘lash uning oldingi yashash joyi bo‘yicha pensiyani to‘lash to‘xtatilgan vaqtdan boshlab, biroq u hisobga qo‘yish maqsadida murojaat etganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun davom ettirilishi kerak. 

172-bandga asosan, ketma-ket uch oydan ortiq vaqt mobaynida pensiya olinmaganda Pensiya tayinlash to‘xtatilishi, pensiyani to‘lash pensioner yoki uning vasiysi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga kelgandan so‘ng va u ariza taqdim etgandan, shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgandan so‘ng tiklanishi belgilangan.

Shu sababli, yashash manzil o‘zgarganligi munosabati bilan dastlab, Pensiya jamg‘armasining avvalgi bo‘limiga murojaat qilgan holda pensiya to‘lovini Pensiya jamg‘armasining yangi bo‘limiga o‘tkazish zarur. 

So‘ngra, Pensiya jamg‘armasining yangi bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan holda oldingi oylar uchun olmagan pensiyani kelgusi oy uchun tayyorlanadigan to‘lov qaydnomasiga kiritish lozim bo‘ladi.

Pensiya tayinlash va hisoblash masalalari bevosita Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Xalq banki sayyor kassalari orqali faqatgina Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan to‘lov qaydnomalariga asosan pensiya to‘lovlari fuqarolarga yetkazib beriladi.

Top