15:05 / 28.04.2020
14587
O‘zbekiston 50 mingta test tizimini ishlab chiqarishga tayyor – vazirlik

Test tizimi COVID-19 virusi genomining uch uchastkasining PZR usulidagi tahlilga asoslangan va bu o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test tizimining alohida xususiyatidir.

Foto: TASS

O‘zbekistonda koronavirusga tekshiruvchi test tizimlarining laboratoriya va klinik sinovlari yakunlandi. Ilg‘or texnologiya markazi 50 mingta test tizimini ishlab chiqarishga tayyor holatda. Tegishli tashkilotlardan mazkur testdan foydalanishga ruxsat berilganidan so‘ng uni tezkorlik bilan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazirlik vakili mahalliy test tizimning ishlash prinsipi haqida ma'lumot berdi.

“Vazirlik topshirig‘iga ko‘ra olimlar fevral oyida virusning butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgani, virusning O‘zbekistonga ham kirib kelish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda test tizimini ishlab chiqish ustida ish boshlashgan edi.

Test tizimi COVID-19 virusi genomining uch uchastkasining PZR usulidagi tahlilga asoslangan va bu o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test tizimining alohida xususiyatidir. Hozirgi kunda amalda ishlatilayotgan mavjud testlar faqat bir uchastka tahliliga asoslangan. Mazkur test tizimining afzalligi uning tezkorligidadir. Kasallikka tashxis qo‘yish uchun inson dimog‘idan namuna olinadi, negaki aynan unda katta qismda virus to‘planadi. So‘ngra virus RNKsi olinadi, DNK shakliga o‘tkaziladi va PZR (polimeraz zanjirli reaksiya) tahlili amalga oshiriladi. Butun jarayon taxminan 5-6 soat vaqtni oladi. Bu ekspress test emas, balki faqat maxsus laboratoriyalarda foydalanish mumkin bo‘lgan to‘laqonli testdir”, dedi Nazokat Abduqunduzova AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda.

Avvalroq, Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologlari tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test tizimi ishlab chiqilgani ma'lum qilingan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top