10:00 / 28.04.2020
43303
O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1924taga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana 20 kishiga koronavirus infeksiyasidan zararlanish tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berdi.

«2020 yil 28 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1924 nafarni tashkil qilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni Toshkentda tasdiqlangandi. O‘tgan vaqt davomida kasallik respublikaning butun hududiga tarqaldi.

So‘nggi kunlarda kasallikdan tuzalganlar soni kasallikka chalinganlar sonidan ko‘p bo‘lmoqda.

26 aprel kuni atigi 7ta yangi zararlanish holati qayd etilgan va 58 kishi sog‘aygandi. 27 aprel kuni 35 kishida virus aniqlandi va 103 kishi sog‘aydi.

Virus tarqalishni boshlagandan buyon 892 kishi sog‘aydi, 8 kishi vafot etdi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov «O‘zbekiston24» efirida Toshkent shahrida davolanayotgan bemorlar ahvoli bo‘yicha ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida jami 314 kishi davolanmoqda, ulardan 55 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud, 10 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir .

Xususan, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 117 bemor davolanmoqda, 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilmoqda, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafari o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 67 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida esa 130 bemor davolanmoqda va ularning 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilmoqda, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top