15:43 / 28.04.2020
6975
O‘zbekistonda «onlayn karantin» uchun mobil ilova yaratildi

Hozirda mazkur ilovani PlayMarket va AppStore platformalarida joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash imkonini beruvchi Birga Yengamiz mobil ilovasi yaratildi. Ilova “onlayn karantin” uchun xizmat qilishi mumkin.

Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda ma'lumot berdi.

“Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Project Managers korxonasining yosh dasturchilari koronavirus aniqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash jarayonini avtomatlashtirish maqsadida Birga Yengamiz nomli mobil ilova yaratdi. 

Ilovaning asosiy vazifasi bemor bilan oxirgi 14 kun ichida yaqin masofada va muayyan vaqt aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash va zarur hollarda ularni karantinga joylab, virus keng tarqalishining oldini olishdir. Bunda odamlar o‘z ishlariga, karantingacha bo‘lgan davrdagi hayot tarzlariga qaytsalar-da, ularning kim bilan qachon, qayerda va qancha vaqt mobaynida uchrashganlari haqida ma'lumotlar qayd etib boriladi”, deya matbuot kotibining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ma'lum qilinishicha, ilova samarali ishlashi uchun undan butun aholi foydalanishi kerak bo‘ladi.

“Agar biror kim kasallansa, u 14 kun davomida uchrashgan odamlarni topish hamda ularni karantinga qo‘yish mumkin bo‘ladi. COVID-19 virusini tashuvchilarda kasallik alomatlari bo‘lmasa-da, ular bemalol kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkin. 

Shu bois ham bu ilovadan istaganlar emas, balki butun aholi foydalanishi talab etiladi. Oksford universiteti olimlarining ta'kidlashicha, aholining kamida 60 foizi mazkur ilovalardan foydalansagina u samara beradi. Hozirda Singapur, Janubiy Koreya, Tayvan kabi mamlakatlarda bunday ilovalar o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda. Buni OAVda “onlayn karantin” yoki “raqamli karantin” deb ham atashmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Nazokat Abduqunduzova. 

Hozirda mazkur ilovani PlayMarket va AppStore platformalarida joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Top