17:22 / 28.04.2020
49813

Supervulqonlar, koinot jismlari va iqlim o‘zgarishi: insoniyat uchun yana qanday tahdidlar bor?

Insoniyatning meteorit zarbasidan halok bo‘lish ehtimoli qanday? Kuchli vulqon otilishi yoki o‘ta yangi yulduz portlashi natijasida-chi? Oksford faylasufi Tobi Ordning yangi «Jar» (The Precipice: Existential Risk and the Future of Humanity) nomli kitobida shular haqida so‘z boradi. Republic undan parchalar keltirdi.

40 yoshli muallif Oksford universitetida ro‘yxatda turadi, JSST, Jahon banki, Butunjahon iqtisodiy forumiga maslahatlar beradi.

U bir necha yildan buyon insoniyat oldida turgan global masalalarni o‘rganadi. O‘zining oldingi ishida u butun jahondagi qashshoqlikning etik muammolarini o‘rgangan. Buning natijasida u o‘zining 10 foiz daromadini jahondagi ahvolni yaxshilashga xizmat qilayotgan eng samarali xayriya fondlariga o‘tkazib borishga va'da bergan. Shu maqsadda u 4600 kishini birlashtirgan Giving What We Can tashkilotini tuzgan. A'zolar allaqachon 126,7 million dollar xayriya qilishgan va umrlari davomida 1,5 milliard dollar xayriya qilishga va'da berishgan.

Tobi Ord. Foto: tobyord.com

Uning yangi o‘ta muhim mavzu — ishi insoniyat turi o‘ziga o‘zi yaratayotgan ekzistensial tahdidlarni qanday yengishi mumkinligiga bag‘ishlanadi, deydi «Sun'iy intellekt: zamonaviy yondashuv» kitobi muallifi Styuart Rassell. «Tobi Ord — bugungi Karl Sagan. Uning aniq va ilhomlantiruvchi kitobi insoniyatning gullab-yashnashi uchun umid uyg‘otadi», — deydi NKO Foresight Institute asoschilaridan biri Kristin Peterson.

Tobi Ordning yangi kitobi. Foto: twitter.com/tobyordoxford

«Ko‘plab insonlar insoniyatni nimalar kutayotgani haqidagi kitoblarni o‘qishni xohlashi yaqinda oydinlashdi. Yuval Noy Hararining «Sapiens» kitobi kabi. Tobi Ordning yangi kitobi bu janrga o‘z hissasini qo‘shadi va besseller bo‘lish uchun arziydi», — deb yozadi Evening Standard taqrizchisi.

Kontekst

O‘z tarixida ilk bor insoniyat o‘zini o‘zi yo‘q qilib yuborish salohiyatiga ega bo‘lib turibdi, deb yozadi Tobi Ord. Insoniyatning keyingi taraqqiy topishi bilan birga bu salohiyat ham osha boradi. O‘z kitobida u tik jarlik konsepsiyasi — global halokatlar oldida eng ojiz qolgan insoniyat tarixidagi davrni o‘rganadi.

Bu holatda Ord insoniyatning jonzot turi sifatida buyukligini shubha ostiga olmagan. Lekin biz hozir ekzistensial halokatlardan himoyalanish haqida qayg‘urmas ekanmiz, deydi u, bizning avlodlarimiz millionlab yoki milliardlab yillar yashay olmasligi, ular (kamida hozircha) sayyoramizdagi, balkim butun koinotdagi eng aqlli va zukko tur vakillari sifatida yashashlari mumkin.

1945 yilning 16 iyuli butunjahon koordinatsiyalashgan vaqti (UTC) bilan soat 11:29da Jarlik davri boshlandi. Bu — butun insoniyat turi va bizning muvaffaqiyatlarimizni yo‘q qilib yuborishi mumkin bo‘lgan jahondagi ilk atom bombasining sinalgan vaqti. Lekin bu yo‘qotishning yagona yo‘li emas. Yaqin kelajakda insoniyat o‘zi yaratgan ekzistensial tahdidlar kengayib boradi, mavjud tabiat tahdidlari esa yo‘qolmasdan saqlanib turadi. Keling, bizga nimalar tahdid qilayotganini sinchiklab o‘rganamiz.

⁠Tobi Ord oldimizda turgan tahdidlarni uch toifaga bo‘ladi: tabiiy, atnropogen (inson qo‘li bilan yaratilgan) va bo‘lajak. Bu holda mantiqan tabiiy deb atash mumkin bo‘lgan ayrim tahdidlarning ehtimoli insoniyat faoliyati natijasida keskin ortadi. Bundaylarga, masalan, epidemiyalar kiradi va kelajakda ular juda xavfli bo‘lib borishi mumkin. Bo‘lajak tahdidlar deganda Ord bugun mavjud bo‘lishi mumkin emas, biroq ertaga ularning paydo bo‘lish ehtimoli borlarini tushunadi. Ular haqida futurologlar bosh qotirishmoqda.

1. Tabiiy tahdidlar

Sayyoradagi hayotni do‘zaxga aylantirish uchun nisbatan kichikroq meteorit yetarli. Diametri 10 km bo‘lgan, Yerga saotiga 60 ming km tezlikda kelib urilgan koinot jismi dinozavrlarni qirib yuborgan deb kelinmoqda. To‘qnashuv natijasida Hiroshimaga tashlangan bombaning 10 milliardtasiga teng energiya ajralib chiqqan. 1000 km radiusdagi borliq issiqlikdan o‘lgan, to‘qnashuv natijasida chang va parchalar atmosferaga ko‘tarilib, sayyorani qora bulut qoplab olgan. Quyosh nurlari ulardan o‘ta olmasdi, shuning uchun Yer yuzasi sovib ketgan. Sayyora bioxilma-xilligining to‘rtdan uch qismi tez orada yo‘qlik sari yuz tutgan, jumladan o‘sha paytdagi «yetakchi» turlar ham. Insoniyat ham shunday taqdirga duchor bo‘lishi mumkin.

Bugun astronomlar yaqin koinotdagi deyarli barcha asteroidlarning harakatini nazorat ostiga olishgan. Ularni uch toifaga bo‘lish mumkin. Diametri 10 kilometrdan ortiq bo‘lganlarini ommaviy qirilishga olib keluvchi o‘ta xavflilari deb bilishadi. Diametri 100–150 m bo‘lganlari ham ham potensial xavfli sanaladi.

 

Koinotdan keladigan chaqirilmagan mehmonlardan nechog‘lik himoyalanganmiz?

Ekzistensial tahdidlarning boshqa birortasi olimlarning bu qadar e'tiborini torta olmaydi. Bu yerda hali ko‘p ishlash kerak. Kometalarning tahdidi asteroidlardan kam bo‘lmagan harakat yo‘llari ham hali yaxshi o‘rganilmagan. Bundan tashqari, tahdid aniqlangach undan himoyalanish usullarini o‘ylab topish kerak. Bu asteroidlarni vayron qilish yoki qaytarib yuborish usullari bo‘lishi mumkin, tizim endi juda kech bo‘lmasdan avvalroq tayyor bo‘lmog‘i kerak.

Asteroidlar yaxshi o‘rganilgani sababli meteorit yog‘ilishi ehtimolini hisoblash mumkin. Baxtimizga bu asrda ehtimol juda kam: o‘rtacha asteroid uchun 120 mingdan bir, yirigi uchun 150 milliondan bir ehtimol. Keyingi asrlarda bu borada ehtimollar 1/6000 va 1/1,5 mln bo‘ladi.

Supervulqonlar otilishi

Superotilishlar — sayyoramizda iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘luvchi massivli vulqon otilishlari. Oddiy vulqonlardan farqi tog‘ cho‘qqisida krater hosil bo‘lmaydi, kaldera — yer sirtida keng o‘pirilishlar hosil bo‘ladi. Ana shunday kalderadan biri Sumatradagi Toba supervulqonida joylashgan va uning maydoni 2 ming kvadrat kilometrga teng.

AQShdagi Yyelloustoun kalderasi.

Asteroid yoki kometa zarbasi kabi supervulqon otilishi Yerdagi hayotni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Vulqondan so‘ng sayyorani chang qoplab oladi, buning ortida yerda harorat pasayib ketadi va ko‘plab jonzot turlari qirilishga mahkum bo‘ladi, jumladan, insonlar ham. Agar «o‘rtacha» supervulqon (8–9 ball quvvatlisi) diametri 1–10 km bo‘lgan asteroid bilan teng bo‘lsa, Toba kabi vulqonlarning otilishini bemalol ekzistensial halokat deb atash mumkin.

Superotilishning ehtimolini hisoblab bo‘lmaydi, chunki vulqonlarni ham zilzila kabi oldindan aytish ilojsiz. Lekin ularning ehtimoli meteorit zarbasidan ko‘ra ancha yuqori: masalan o‘rtacha supervulqonlar uchun 1/200, yiriklari uchun 1/600 deb olamiz. Otilishlarni oldindan aniq aytib bera olmasligimiz tufayli, real tahdid tug‘diruvchi bu tahdidlarni o‘rganishga ko‘proq kuch sarflash kerak bo‘ladi.

Yulduzlarning portlashi

Yulduz ichida ikki kuchning doimiy kurashi kechadi — yulduz moddasini siqishga harakat qiladigan gravitatsiya kuchi, unga bunday qilishga qarshilik ko‘rsatadigan bosim. Ayrim yulduzlarda tortishish kuchi ertami-kechmi baribir g‘olib chiqadi. O‘shanda yulduzning kollapsi boshlanadi. Yulduz moddasi tezda yangidan yangi siqilish kuchlari to‘lqinini hosil qilgancha o‘ta zich holatga o‘tadi va ular yulduzni portlashga majbur qiladi. Yulduz o‘ta yangi yulduzga aylanadi.

Portlash chog‘ida yulduzlar qarama-qarshi tarafga gamma nurlanishning ingichka taramlarini ajratadi — bu hodisa gamma chayqalish deb nom olgan. Ular birinchi navbatda Yerga xavf tug‘diradi. O‘ta yangi yulduzning Quyosh tizimi yaqinida paydo bo‘lishi va biz tomon yo‘nalgan gamma chayqalish falokatli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

O‘ta yangi yulduz

Koinot nurlarining o‘zi atmosferadan o‘tib Yer sirtiga yetib kela olmaydi, lekin atmosferadan xavfli reaksiyalar vujudga keltirishi mumkin. Gamma nurlarning azot oksidlar paydo qilish xususiyati eng katta xavf tug‘diradi. Bu oksidlar sayyoramiz atmosferani o‘zgartirib, ozon qatlamiga zarar yetkazishi mumkin, buning oqibatida biz koinot nurlaridan himoyasiz qolamiz.

Olimlarning hisoblashicha, ozon qatlamining 30 foizga yo‘qolishini ekzistensial falokat o‘laroq baholash mumkin. Bunday hodisalarning ehtimoli yuqorida sanalganlardan ko‘ra pastroq: yaqindagi o‘ta yangi yulduzning portlashi 5 milliondan bir, gamma chayqalishlarning ta'siri 2,5 milliondan birga teng. Asteroidlar bilan bo‘lgani kabi, osmondan tahdidlarni axtara turib, bu hodisa ehtimolini ham joriy asr uchun hisoblab qo‘yaverish mumkin. Buning uchun 100 yorug‘lik yili masofasida potensial o‘ta yangi yulduzlarni kataloglashni boshlash kerak.

Ayrim boshqa tahdidlar bizga minglab, millionlab yillar davomida xavf solishi mumkin. Masalan, Quyoshning so‘nib qolishi, global sovib ketish, yangi muz davri) yoki turli evolyutsion ssenariylar: insoniyatning degradatsiyaga uchrashi yoki uning boshqa turga transformatsiya bo‘lishi.

Har qanday holatda insoniyat tabiiy tahdidlarni kuzatib borishi kerak. Hozircha asteroid tahdidi yaxshilab o‘rganilgan bo‘lib turibdi, shuning uchun boshqa tahdidlar bo‘yicha ham bilimlarni o‘sha darajaga chiqarib olish kerak.

2. Antropogen tahdidlar

Sovuq urush davrida dunyo bir necha marta yadro urushi ostonasiga kelib qoldi. Karib inqirozi — juda mashhur, biroq yagona holat emas. AQShning ham, SSSRning ham tarixida bir necha murakkab yadroviy trevogalar bo‘lgan, faqatgina mas'ullarning aql bilan ish ko‘rishigina raketa zarbalari bilan almashinishdan saqlab qolgan.

Bugun ahvol birmuncha yaxshiroq, lekin yadro qurollari hanuz yuqori harbiy tayyorgarlik holatida turibdi, ularni ishga tushirish uchun daqiqalar yetarli. Qolaversa, dunyo allaqachon ko‘p qutbli bo‘lishga ulgurgan, KXDR kabi yangi urush boshlovchilar paydo bo‘lgan. Xo‘sh, yadro qurollarining tahdidi nimada?

Birinchisi — radioaktiv yomg‘irlar. Nazariyaga ko‘ra, ko‘p miqdordagi yadroviy portlashlar atmosferada butun sayyorani qoplab oluvchi zarrachalar to‘planishiga olib kelishi mumkin. Bu holatda har bir hudud zararlanadi, oqibatda halokatli o‘lim va kasallanish holatlari kuzatiladi.

Baxtga ko‘ra, buning uchun bugungi kundagi yadroviy arsenallarning o‘n karrasi kerak bo‘ladi. Iflos bombalar deb ataluvchi bombalardan foydalanish, jumladan, faraziy kobalt bombalari ham bu xavfni karrasiga orttiradi, biroq ularni ishlab chiqarish juda murakkab, shuning uchun ushbu ssenariyni ehtimoli pastlar sirasiga kiritish mumkin.

Yadroviy qish ssenariysiga esa juda jiddiy qarash kerak. Hujumga uchragan shaharlardagi olovli uyurlar stratosferaga yo‘l oladigan chang va tutundan iborat quyun ustunlarini ko‘taradi. Bunday balandlikda ular yomg‘ir bilan qaytib tusha olmadi va shu sababdan noma'lum muddatgacha samoda turadi. Yadroviy zarbalar bot-bot takrorlanganida bunday bulut bilan butun Yer sharini qoplab olib, Quyoshni ko‘rinmaydigan qilib qo‘yish mumkin. Buning oqibatida keladigan uzoq qish tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlari nobud bo‘ladi, milliardlab insonlar ochlikdan o‘ladi. Amerikalik iqlimshunos va yadroviy qish bo‘yicha mutaxassis Alan Robok 5 yil mobaynida harorat 7 darajaga tushishi, so‘ng keyingi 10 yil mobaynida me'yorga qaytishini taxmin qiladi.

Yadroviy qish

Hisobga olish kerakki, sovuq urushdan so‘ng qurol-yarog‘lar sonining keskin kamayishi yadroviy qish ehtimoliga sust ta'sir o‘tkazadi. Robokning Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi zarbalar almashinuviga bag‘ishlangan tadqiqotiga ko‘ra, lokal urush ham shunday keng miqyosli iqlim sovib ketishiga olib kelishi mumkin.

Sovuq urushga qaytish amalga oshirib bo‘lmas ssenariy bo‘lib ko‘rinmayapti, shu sababli oqibatlarni o‘rganib, yadroviy qurollar to‘g‘risidagi kelishuvlar, ayniqsa o‘rta va yaqin masofalarga uchiriluvchi raketalar to‘g‘risidagi barbod bo‘lgan shartnoma kabi xalqaro bitimlarni tiklash kerak.

Iqlim o‘zgarishi

Bugun jahon o‘rtacha haroratining o‘zgarishlari sanoatlashish davriga nisbatan 1 darajaga oshgani qayd etilgan. Bu raqam o‘sishda davom etmoqda. Iqlim o‘zgarishlari ob-havo beqarorligi, jahon okeani sathini oshishi va boshqa noxush oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Voqealar rivojining eng xavfli ssenariysi — issiqxona effektining nazorat qilib bo‘lmaydigan o‘sishi (runaway greenhouse effect). Issiq havo sovug‘idan ko‘ra suv bug‘larining atromosferada ko‘proq ushlanib turishiga olib keladi. Suv bug‘lari esa, o‘z navbatida, kuchli parnik gazlari hisoblanadi va o‘zlari ham isishga ta'sir o‘tkazadi. Atmosferada bug‘lar borgan sari ko‘paya boradi, sirtmoq hosil bo‘ladi va unda effekt cheksiz ravishda osha boradi.

Nazariy jihatdan olib qaralganda, Yer sirtini Quyosh yanada qattiqroq qizdirishi ham bo‘lishi mumkin (Venera sayyorasida shunday bo‘lganga o‘xshaydi). Lekin olimlar bu effektni faqat insonning sa'y-harakatlari vujudga keltira olmaydi, degan fikrda. Muqobil ssenariyga ko‘ra, okeanlar parlanib bo‘lgach (albatta bu, sayyoradagi ko‘plab jonzotlar uchun halokatli) harorat o‘sishdan to‘xtaydi, lekin uning ehtimoli ham shubhali.

Biz hozircha harorat oshganida nimalar ro‘y berishini aniq bilmaymiz. Balkim tabiiy muzliklarda qamalib qolgan tabiiy uglerod va metanning sizib chiqishi kuzatilar, bu ham haroratning yanada isishiga olib keladi. Xavfni baholash uchun bu sohada yanada kengroq tadqiqotlar olib borilishi kerak.

Bo‘lajak tahdidlar

Muallif pandemiyalarni ham bunga kiritishmoqda. Uning ishontirishicha, kelgusida ularning tahdidi ortib boradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bugungi kunda epidemiyalarning hayvonlardan o‘simliklarga o‘tish ehtimoli oshmoqda. So‘nggi yigirma yil ichida biz to‘rtta yirik epidemiyaga guvoh bo‘lib turibmiz: SARS, cho‘chqa va parranda grippi hamda Covid-19 keltirib chiqaruvchi hozirgi SARS-CoV-2. Bu hayvonlar bilan yaqin kontaktlar oshgani tufayli ro‘y bermoqda. Tabiatda mavjud viruslardan tashqari yana bir tahdid bor: laboratoriyada yaratilgan viruslar. Bu yerda birini ikkinchisidan ajratish mumkin emas, chunki ko‘pincha laboratoriyalarda mavjud tabiiy viruslar ustida tajribalar o‘tkaziladi yoki yangisi yaratiladi.

DNKni sekvenirlash arzonlashgani sayin bu xavf ortib bormoqda. Virus o‘ldiruvchi vositaga aylanishi uchun aynan harbiy maqsadda yaratilgan bo‘lishi shart emas: shunchaki yirik laboratoriyadan ehtiyotsizlik oqibatida chiqib ketsa bas. Biologik qurol ham alohida tahdid tug‘diradi. Globallashgan dunyo sharoitida epidemiya bir zumda lokaldan global hodisaga aylanadi (Bunga barchamiz hozir guvohmiz).

SARS-CoV-2 pandemiyasi

Jahonda hozircha biologik tahdidga nisbatan ta'sirli qurollar yo‘q. Bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurollarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va to‘plashni taqiqlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi 1972 yilgi konvensiya ish bermayapti. Chunki SSSRda ham, AQShda ham bunday qurollar konsvensiya imzolanganidan keyin ham yaratilganini tasdiqlovchi dalillar bor. Nazorat uchun kuchli xalqaro tashkilot kerak bo‘ladi. Unga esa hali asos solish lozim.

Nodo‘stona sun'iy intellekt

Taajjubli ko‘rinishi mumkin, lekin u Tobi Ord uchun bosh tahdid ekan. Agar sun'iy intellekt ko‘p jabhalarda bizdan o‘zsa, u bizning turimizni yo‘qotishga xizmat qilmasa ham, bizning mavjudligimizda ma'ni qolmaydi. Ordning fikricha, biz buyuk salohiyatni ishga solish qudratidan mosuvo bo‘lamiz. U robotlarga o‘tadi.

Ehtimol, bugun robotlarga ishlash o‘rgatilayotgan rag‘batlantirish tizimi bo‘lmaganida, xavf tug‘ilganida ularni o‘chirib qo‘ya qolgan bo‘lar edik. O‘rgatish mobaynida robotlar o‘z foydasini maksimallashtirishga o‘rgatiladi — unga o‘zini o‘zi saqlab qolish instinkti ham kiradi. Bunday holatda robotning bosh maqsadi o‘zini o‘chirib qo‘yish usullarini yo‘q qilish bo‘lib qoladi. Va bu qiyin ish emas, virus yordamida internet qo‘lga kiritilsa bas.

Boshqa ssenariyga ko‘ra, robotlar o‘z foydasini maksimallashtirish uchun Yerning jamiki resurslarini ishlatib bo‘ladi. Ochko‘z va badjahl bo‘lganlari uchun emas, shunchaki, ular o‘zlariga o‘rgatilgan dasturlarni qiyomiga yetkazib bajarishadi. Tahdid nechog‘lik ehtimolli? Umumiy ma'noli qilib aytish qiyin, lekin ko‘plab futurologlar va kompyuter tadqiqotchilari bunday oqibat o‘rinli ekanligini ta'kidlashmoqda.

Distopiya

Ekzistensial tahdid albatta qirib yuborilishni nazarda tutmasligi mumkin. Insoniyatni salohiyatdan mosuvo qilsa bas. Jahondagi totalitar rejim sharoitida aynan shu reallika aylanishi mumkin. Bunday rejim bo‘lishi ham shart emas; u yetarli tarzda uzoq davom etsa bas. Masalan, (meteoritning qaytarib bo‘lmas zarbasi tushadigan) nuqta bor deylik, uni boshdan kechirgan insoniyat tahdidni kamaytira olmaydi, chunki qo‘l-oyoqlari totalitarizm zanjiri bilan bog‘langan bo‘ladi.

Buning ehtimoli nechog‘lik? Totalitarizmga yumalab tushish imkoniyati doimo saqlanib turadi. Jahon hukumatini yaratish tomon bo‘lgan chaqiriqlar qanchalik ko‘p yangrasa, vaziyatni shunchalik qattiqroq kuzatish kerak, bir vaqtning o‘zida kuzatuv va nazoratning yangi usullarini hisobga olib, ularga qarshi turishni ham o‘rganish kerak.

O‘z kitobida Ord faqat o‘z nuqtayi nazariga ko‘ra real tahdidlarga to‘xtalgan. Ehtimol, 50–100 yildan so‘ng, balkim undan ham oldinroq ro‘yxat o‘zgarib qolishi mumkin. Lekin bizning o‘zimiz o‘zgarmas ekanmiz, tahdidlar soni faqat ko‘paya boradi, aslo kamaymaydi.

Mavzuga oid
Top