16:17 / 28.04.2020
26382
Toshkentda uzoq vaqt sun'iy nafas olish apparatiga ulangan holda bo‘lgan 72 yoshli bemor tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi uchta tibbiyot muassasasiga yotqizilgan bemorlarning 49 nafari va Buxoro viloyatidagi 9 bemor sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan bir yo‘la 24 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda. 

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning barchasi Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 72 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.

«E'tiborli jihati, joriy yil 30 mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda og‘ir ahvolda mazkur klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor fidoyi shifokorlarimizning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to‘liq tuzalgan bo‘lsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun o‘tkazildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan sog‘ayib chiqqanlarning 20 nafari Toshkent shahridan, Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ulardan 5 nafari Turkiyadan Istanbul – Toshkent yo‘nalishida, 4 nafari Rossiyadan Moskva – Toshkent yo‘nalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 15 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 11 nafari erkak, 13 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 65 yoshda bo‘lsa, 11 oylik va 1 yoshli chaqaloqlar ham bor.

Ushbu klinikada shu paytga qadar 63 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 87 nafarga yetdi. 

Shuningdek, bugun Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 9 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25 mart kuni Rossiyadan  charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 8 nafari erkak, 1 nafari ayol. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Toshkent, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yosh.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 280 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 289 nafarga yetdi. O‘zbekistonda bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hozircha Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda. 

  • 28 aprel kuni soat 14:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari soni 1939taga yetgandi. Hozirga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar soni 958 nafarga yetdi, 8 kishi vafot etgan. Ayni vaqtda mamlakatdagi shifooxonalarda 973 nafar bemor qolmoqda. 
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top