00:50 / 29.04.2020
90008
Dunyodagi vaziyat: Rossiya Eronni ham quvib o‘tdi, AQSh millionlik nuqtani zabt etdi

Rossiyada qayd etilgan zararlanish holatlari soni 93 558tani tashkil qilmoqda va bu borada Eron ortda qoldirilgan. Britaniyada qariyalar uylarida koronavirusdan o‘lim bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi; Germaniyadagi vaziyat yana yomonlasha boshladi va Angela Merkel federal yerlar hukumatlaridan karantin choralarini bekor qilishga shoshilmaslikka chaqirdi; Argentina 1 sentyabrga qadar barcha parvozlarni bekor qildi.

ARTYOM GEODAKYAN/TASS

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda virusdan zararlanish holatlari soni 3,1 milliondan oshgan, 215 mingdan oshiq kishi vafot etgan, sog‘ayganlar soni 944 mingdan ko‘p.

Rossiyada rekordlar
6 411 yangi holat - mamlakatda koronavirus tarqalishni boshlagandan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi. Yangi holatlarning qariyb yarmi - 3 075 bemor - Moskvada qayd etildi. Poytaxtdagi tashxislarning jami soni 48 426taga yetdi, butun Rossiya bo‘ylab qayd etilgan holatlar soni 93 558ta.

So‘nggi bir kunda Rossiyada yana 72 kishi koronavirusdan vafot etdi. Bu ham pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkich (avvalgi rekord 25 aprel kuni qayd etilgan, o‘shanda 66 kishi olamdan o‘tgandi. 26 aprel kuni ham 66 nafar bemor kasallikdan vafot etgan, 27 aprel kuni esa 50ta o‘lim holati haqida xabar berilgan). Pandemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan o‘lim holatlari soni 867tani tashkil qilmoqda, 8 456 bemor sog‘ayib ketgan.

Bir kun oldin dunyo reytingida Xitoydan o‘zib ketgan Rossiya bugun yana bir pog‘ona yuqoriladi. Ayni vaqtda Eronda qayd etilgan holatlar soni Rossiyadagidan kamroq - 92 584.

Rossiyaning Tibbiy biologiya federal agentligi rahbari Veronika Skvorsova joriy hafta Rossiyada kasallik o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi mumkinligini aytgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 22 aprel kuni bergan intervyusida mamlakatda kunlik aniqlanadigan yangi holatlar may oyining o‘rtasida eng yuqori nuqtaga chiqishi haqida gapirgan.

Ayni vaqtda RFning ko‘plab hududlarida majburiy tartibda «o‘zini yakkalash» rejimi joriy qilingan.

Prezident Vladimir Putin bugun gubernatorlar bilan videoaloqa orqali yig‘ilish o‘tkazdi. Unda ishlanmaydigan kunlar muddati 11 mayga qadar uzaytirildi. Putin buni epidemiya Rossiyada hali cho‘qqisiga chiqmagani uchun koronavirusga qarshi qat'iy kurash choralarini uzaytirish zarurligi bilan izohladi. «Biz hozirda epidemiya bilan kurashning yangi, keskin bosqichida turibmiz. Biz epidemiya to‘lqini susayib, pasayishiga erishishimiz lozim», dedi u.

Britaniyadagi vaziyat

Britaniyada koronavirusdan o‘limlarning har uchinchisi keksalar uylarida qayd etilmoqda / GETTY IMAGES

Buyuk Britaniya Milliy statistika byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, Angliya va Uelsdagi koronavirus qurbonlarining uchdan bir qismi keksalar uylariga to‘g‘ri kelmoqda. 13 apreldan 17 aprelgacha keksalar uylarida 2 ming kishi Covid-19 oqibatida vafot etgan, bu esa undan avvalgi haftadagidan ikki baravar ko‘proqdir. Joriy haftadagi vaziyat ham yomonroq bo‘lishi prognoz qilingan. Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyadan ham shu kabi xabarlar kelmoqda.

Shu bilan birgalikda, mamlakatdagi barcha shifoxonalarda Covid-19 qurbonlari soni 8 aprel kungi pikdan keyin uzluksiz ravishda pasayib kelmoqda. 28 aprel tongidagi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 161,1 mingdan oshgan va 21,6 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Mahalliy vaqt bilan 28 aprel kuni soat 11da mamlakat aholisi koronavirusga qarshi kurash vaqtida qurbon bo‘lgan 100dan ortiq shifokorlar xotirasi uchun sukut saqladi.

Britaniyada bir daqiqa sukut / PA MEDIA

Yevropadagi vaziyat
Fransiya bosh vaziri Eduard Filipp parlamentga mamlakatdagi favqulodda holat rejimini 23 iyulga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuborilganini ma'lum qildi. Bu qonun parlament tomonidan qabul qilinsa, hukumat bu muddat davomida yig‘ilishlarni va fuqarolarning ko‘chalardagi harakatini, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini cheklash huquqiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, hukumat karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatib borishni rejalashtirgan.

Fransiya bosh vaziri lokdaundan chiqish rejasini ma'lum qildi / EPA

Bosh vazir mamlakat 11 maydan lokdaundan chiqishni boshlashi nazarda tutilgan rejani ham taqdim etgan. Bu reja Fransiyaning ayrim hududlariga tatbiq etiladi, ammo epidemiyadan jiddiy zarar ko‘rgan hududlarda qat'iy karantin choralari amal qilishi davom etadi.

Rejada do‘konlar va bozorlarni ochish ko‘zda tutilgan. Restoranlar va barlar esa yopiqligicha qoladi. Jamoat transportida tibbiy niqobda yurish majburiy bo‘ladi.

Mamlakatdagi sport turnirlari, xususan futbol chempionati sentyabrdan oldin boshlanmaydi.

Reja hukumatda jiddiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Masalan, reja mamlakat ilmiy hamjamiyatining bolalarni maktabga qaytarish bo‘yicha tavsiyalarini inobatga olmagan. 

Bundan tashqari, hukumat epidemiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishish uchun fuqarolarni raqamli kuzatish tizimini joriy etmoqchi, bu ham katta bahslarni keltirib chiqargan.

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakatda 4 maydan karantin choralari yumshatilishini ma'lum qildi. Shu kundan xiyobonlar ochiladi, zavodlar va qurilish maydonlarida ish tiklanadi. Fuqarolarga qarindoshlarini ziyorat qilish uchun borishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birgalikda, maktabdagi mashg‘ulotlar sentyabrgacha boshlanmaydi. Cherkovlar ham yopiqligicha qoladi. Italiyadagi bir necha yepiskoplar Kontega maktub yo‘llab, diniy yig‘ilishlarga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni so‘rashgan.

O‘tgan yakshanbada Italiyada 260ta yangi o‘lim holati qayd etilgan va bu epidemiya boshlanganidan buyon eng kam kunlik o‘lim ko‘rsatkichi bo‘lgandi. Ammo seshanba kuni o‘lim holatlari soni 382ta bo‘lgani ma'lum qilindi.

Italiya Yevropada koronavirus pandemiyasdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatdir. Seshanba kungi holatga ko‘ra, bu yerda qurbonlar soni 27 ming 359 kishiga yetgan. Zararlanish holatlari soni bo‘yicha Italiya Yevropada faqat Ispaniyadan ortda - 232,1 ming holatga 201,5 ming holat.

Germaniyada infeksiya tarqalish dinamikasida o‘sish kuzatila boshladi. Robert Kox instituti ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda viurus tarqalishi indeksi 1.0ga teng, bu esa har bir bemor yana bir kishiga virus yuqtirganini ko‘rsatadi.

Kansler Angela Merkel federal yerlar hukumatlarini karantin choralarini bekor qilishga shoshilmaslikka chaqirdi.

Fransiyadagi shifoxona xodimlari binoga kiraverishda raqs tushmoqda / GETTY IMAGES

Ispaniya va Gretsiya karantindan chiqishda davom etmoqda. Seshanba kuni bu ikki mamlakatda navbatdagi yumshash choralari qabul qilindi. Ispaniyada o‘tgan yakshanbada 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi. Bolalar mart oyidan buyon uydan chiqishi taqiqlangandi.

Portugaliya prezidenti Marselo Rebelu di Soza 2 may kunidan mamlakatdagi favqulodda holat rejimi bekor qilinishi haqida ma'lum qildi.

Dunyoda nimalar bo‘lmoqda
AQShda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni milliondan oshdi. Qo‘shma Shtatlar - Covid-19 bemorlari soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda, bu mamlakat Xitoyni bu ko‘rsatkich bo‘yicha mart oyidayoq ortda qoldirgandi.

AQShda koronavirus qurbonlari soni - 57 941 nafar, bu ham dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Shu bilan birgalikda, Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo 15 may kunidan shtatning ayrim hududlarida lokdaun rejimi yumshatilishi boshlanishini ma'lum qildi.

Mamlakat prezidenti Donald Tramp mamlakatda koronavirus tarqalishiga bog‘liq vaziyat yaxshilanayotganini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-York, Yangi Orlean, Detroyt, Boston va Hyustonda kasallikka chalinish holatlari kamaymoqda. Bundan tashqari, prezident Vashington, Denver, Sietl, Indianopolis, Sent-Luisdagi vaziyat barqaror ekanligi va kasallanish holatlari kamayayotganini bildirdi. Uning ma'lum qilishicha, AQSh chindan ham qo‘rqinchli vaziyat bilan to‘qnashgan, biroq mamlakat oldinga harakat qilishda davom etyapti.

Hindistonning Mumbay shahrida 3 nafar politsiyachi koronavirusdan vafot etgach, 55 yoshdan katta bo‘lgan politsiyachilarga uyda qolishga ruxsat berildi. Maxarashtra shtatida joylashgan Mumbay shahri koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p jabr ko‘rgan hudud hisoblanadi. Seshanba kuni bu shaharda 500ta yangi zararlanish holatlari qayd etildi. Mamlakatda ayni vaqtgacha 31,3 mingdan ortiq kishida xastalik aniqlangan, qurbonlar soni mingdan oshgan. Hindistonda mart oyi oxiridagi qat'iy karantin rejimi 3 mayga qadar amal qiladi.

27 aprel kuni koronavirus ustidan g‘alaba qozonilgani e'lon qilingan Yangi Zelandiyada 5 haftalik karantindan keyin normal hayotga qayta boshlagan odamlar fastfud va kofe uchun uzun navbatlar hosil qilishdi. Ijtimoiy tarmoqda odamlar «Makdonalds» uchun ertalabki soat 4da navbat olish uchun borishayotgani haqida yozishmoqda.

Yangi Zelandiya hukumati epidemiya xavfi darajasini uchinchi darajaga tushirgan, bu esa restoranlarga «olib ketish» xizmati bilan ishlashga ruxsat beradi, shuningdek, minglab kishilar o‘z ish joylariga qaytishgan. Pandemiya boshlanganidan buyon besh million aholisi bor ushbu mamlakatda Covid-19 bilan bog‘liq uch mingga yaqin holat qayd etildi. Yangi Zelandiya dunyoda birinchilardan bo‘lib o‘z chegaralarini yopdi, zudlik bilan karantin choralari joriy etdi va bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni karantinga oldi. Xalqaro ekspertlar Yangi Zelandiyaning muvaffaqiyatida bosh vazir Jasinda Ardernning xizmati beqiyos bo‘lganini e'tirof etishmoqda.

Qo‘shni Avstraliyada 2,4 milliondan ortiq kishi hukumatning Covid-19 bemorlari bilan aloqalarini kuzatishga mo‘ljallangan ilovasini ko‘chirib olgan. Yangi ilovada «raqamli qo‘l berish» funksiyasi mavjud bo‘lib, agar ilova foydalanuvchilaridan ikki nafari bir-biriga 1,5 metr masofada yaqin kelsa faollashadi. Agar shaxs virusdan zararlangan bemor yaqinida 15 daqiqadan ko‘p vaqt o‘tkazsa, uning telefoniga ogohlantiruv keladi. Mamlakatda so‘nggi bir kunda qayd etilgan 12ta yangi zararlanish holatining 11tasi ushbu ilova orqali aniqlangan.

Argentina hukumati barcha xalqaro reyslarga, shuningdek mamlakat ichidagi tijoriy parvozlarga 1 sentyabrga qadar taqiq qo‘ydi. Aviakompaniyalar faqat kuzdagi reyslar uchun chipta sotishlari mumkin. Aviasanoat vakillari bu tufayli o‘n minglab kishilar ishsiz qolishidan ogohlantirishmoqda.

GETTY IMAGES

Argentina mart oyi o‘rtalarida qat'iy karantin choralari joriy etgandi. Ayni vaqtgacha mamlakatda qariyb 4 ming kishida koronavirus qayd etilgan, bemorlarning 192 nafari vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top