20:59 / 29.04.2020
11412

Jayron ovlaganlarga qariyb 70 mln so‘m jarima, miltiq va mototsikl musodarasi hamda 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Navoiy viloyatining Tomdi tumanida yashovchi fuqarolar Z.A. hamda A.A. «Qizil kitob» ga kiritilgan 2 bosh jayron (kiyik) hamda 3 bosh yovvoyi quyonlarni noqonuniy ravishda ovlashgan.

Foto: Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati

Bu holat viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan 2019 yil kuz mavsumida Tomdi tumani cho‘l hududida amalga oshirilgan tezkor reyd tadbirlari davomida aniqlangan.

Tabiatga qiron keltirgan ovchilarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Tomdi tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi «j» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan 2020 yil 15 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchilar A.Z va A.A. ning sud ishi bo‘lib o‘tdi.

Sud hukmiga ko‘ra, yetkazilgan zarar bo‘yicha Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi foydasiga javobgarlardan 68 mln 907 ming so‘m undirish lozim topildi. Ovda foydalanilgan mototsikl va ov quroli davlat hisobiga musodara qilindi hamda 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top