21:01 / 29.04.2020
10514

Karantin davrida qoidalarni buzganlar jami 45,8 mlrd so‘mlik jarimaga tortilgan

O‘zbekistonda karantin davrida joriy etilgan qoidalarni buzgan fuqarolar jami 45,8 milliard so‘m miqdorida jarimaga tortilgan bo‘lib, hozirga qadar 14 milliard so‘m miqdordagi jarima undirilgan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda qatnovlar chegaralangan bo‘lishiga qaramay O‘zbekistonda nega karantinga olinganlar soni kamaymayotganiga izoh berdi.

«Bir jihatga e'tibor qaratish kerak, chegaralar butunlay yopilmagan, respublikaga har kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston hududidan 400-500 kishi kirib kelmoqda. Va ular kelishi bilan karantinga olinmoqda.

Xorijiy davlatlarga, aynan epidemik noxush hududlarga borib yuk olib kelgan yo yuk eltib bergan shaxslar ham darhol karantinga olinmoqda», dedi Nurmat Otabekov.

Uning qayd etishicha, asosan, 3 toifadagi odamlar karantinga olingan: epidemik noxush hududdan kelganlar, kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar va karantin muddatida kasallik chiqishi munosabati bilan karantin muddati cho‘zilgan shaxslar. Mana shu toifadagi shaxslar hisobiga karantinga olinganlar sonida katta o‘zgarish kuzatilmayapti.

«Ayni paytda 85 ming odam karantinga olingan bo‘lib, ularning 16 948 nafari statsionar karantinda (kasalxona, sanatoriya, maxsus tayyorlangan joylar), 62 408 nafari uy sharoitidagi karantinda.

Kasallik holatlarining aniqlanishi esa statsionar sharoitda karantinga olinganlar orasida uy sharoitida karantinga olinganlarga qaraganda ko‘proq kuzatilmoqda», dedi Nurmat Otabekov.

Ma'lum qilinishicha, karantin boshlangandan buyon, 27 aprel holatiga ko‘ra, Davlat inspeksiyasi, IIV, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan niqob taqmagan va karantin rejimini buzgan, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilmagan 71 028 kishiga bayonnoma tuzildi va ular 45,8 milliard so‘m jarimaga tortilgan. Shundan 14 milliard so‘m undirilgan.

Kelib tushgan mablag‘ning 50 foizi davlat budjetiga yo‘naltirildi, qolgan 50 foizi IIV budjetiga tushgan.

Bundan tashqari, Nurmat Otabekov O‘zbekistonda 13ta yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilishi va haqida ma'lumot berdi.

«Emlashlar orasidagi intervalni buzish immun tarangligini vujudga keltirishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun karantin davrida ham emlash ishlari davom etmoqda. Fuqarolar emlash tadbirlarida karantin qoidalariga rioya qilgan holda qatnashishlari zarur», dedi Nurmat Otabekov.

Karantin tadbirlari bilan qamrab olinganlar:

  • xorijiy davlatlardan kelib yangidan qo‘shilayoganlar;
  • kasallik chiqishi munosabati bilan karantin muddati uzaytirilgan shaxslar;
  • bemorlarni davolash jarayonida qatnashganlar,
  • bemor ishlagan ishxonasida birga ishlovchilar,
  • bemorning uyida oila-a'zolari, yaqin qarindoshlari, muloqotda bo‘lganlar,
  • bemorlar tashrif buyurgan muassasalar xodimlari,
  • epidemik noxush hududlarga borib yuk olib kelish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top