15:55 / 29.04.2020
8292
PFL vakili Superliga qachondan davom etishi, qaysi turnirdan voz kechilishi va TV-translatsiyalar haqida

O‘zbekiston professional futbol ligasi vakili Diyor Imomxo‘jayev telegramdagi kanalida koronavirus pandemiyasi Superligaga qanday ta'sir qilishi, mavsumning qolgan qismi borasidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.  

O‘zPFL karantin vaqtida nima qildi?

Karantin e'lon qilinishidan uch kun oldin bizning Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorligimiz rasmiy maqomga ko‘chgandi. Bu hamkorlik doirasida Loyiha ofisi tashkil etilgan bo‘lib, unda hozircha 7 kishi faoliyat olib boradi. Shularning 4 nafari futbol sohasidan va yana 3 kishi agentlikdan.

Agentlik bilan hamkorlik davlat ulushi bor korxonalar tomonidan moliyalashtiriladigan 13 futbol klubini bosqichma-bosqich xususiylashtirish ishlarini qamrab oladi. Karantin davomida bu ish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. 13 futbol klubi bosh direktorlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turilibdi. Biroq masofadan ishlash baribir noqulayliklar tug‘diradi. Karantin yakunlangach, bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p. 

Superliga starti borasida nega jimjitlik?

Yevropa chempionatlari qachon boshlanishi va qanday o‘tkazilishi yuzasidan million xil xabarlar chiqdi. Xususan, o‘zim ham Futbol-TV studiyasida bu kabi xabarlarni hamkasblarim bilan ko‘p muhokama qildim. Aytishim kerakki, o‘sha taxminlar taxminligicha qolib ketdi. Chunki karantin qachon yakuniga yetishi faqatgina Yaratganning o‘ziga ayon. 

G‘arbda har bir kun katta pul. Teletranslatsiyalar katta pulga sotib qo‘yilgan, homiylar milliardlar ajratgan, tanaffus futbol klublarini inqirozga yaqinlashtiryapti. Shunday ekan, kuniga millionlab xabarlar bolalashi turgan gap. Bizda esa vaziyat biroz boshqacharoq. Aytaylik, O‘zPFL chempionat 1 may sanasidan start olsa, taqvim qanday bo‘lishi haqida allaqachon reja ishlab chiqqandi. Biroq endi ma'lumki, 1 may start kuni bo‘lmasligi aniq. Shu va shu kabi oxiri yo‘q savollar ustiga qurilgan taxminlarni chiqarmadik. Sababi bitta — chempionat starti O‘zPFLga bog‘liq emas. Buning uchun hukumatning rasmiy ruxsati kerak, usiz biz hech narsa qilolmaymiz ham, aytolmaymiz ham.

Rejamiz bormi?

Karlo Anchelotti futbolchilar o‘z formalarini haminqadar tiklab olishlari uchun ikki hafta muddat yetarli ekanini aytdi. Keyinroq Vadim Abramov jarohatlar ko‘payib ketmasligi uchun ham o‘sha ikki hafta kerakligini tushuntirdi. O‘zPFL albatta mutaxassislar fikrini inobatga oladi. Shundan kelib chiqib, biz 8 kun avval hukumatga o‘z taklifimizni berdik. Ya'ni, mashg‘ulotlarni yopiq holatda boshlashga ruxsat berilishi to‘g‘risida. 

Bu qanday bo‘ladi? Xuddi terma jamoa yirik turnirga tayyorgarlik ko‘rayotgani kabi, har bir klub o‘z bazasiga “qamal qilinadi”. Bunda sanitariya talablariga to‘la rioya etiladi. Futbolchilar bazadan tashqariga chiqmaydi va faqat mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Oshpazlar, farroshlar, shifokor, massajist, murabbiylar va jamoa barchasi shu bazada ma'lum muddat istiqomat qiladi. Bu holat bizga vaqtdan yutish imkonini beradi. Ya'ni, karantin yakunlansa, futbolchilar o‘z formasini ancha tiklab ulgurgan bo‘ladi.

Karantindan so‘ng uchrashuvlar ma'lum muddat muxlislarsiz o‘tkaziladi. Faqat bitta shart bilan — uchrashuvlarning barchasi albatta jonli namoyish etilishi kerak. Bu birinchi navbatda O‘zPFL hamda klublar tomonidan imzolangan homiylik shartnomalari shartlarini himoya qiladi, ikkinchi navbatda muxlislar uchrashuvlarni bevosita ko‘ra olish imkoniga ega bo‘ladi va tabiiyki, shaffoflik yuzaga chiqadi. Uchinchi tomondan esa Yevropaning bir qator chempionatlarida tanaffus ekani kutilmaganda katta e'tiborning O‘zbekistonga qaratilishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Yevropa bilan solishtirganda ishlarimiz ancha yaxshi. Birinchidan, ming shukrki O‘zbekiston karantin davrida kasallikni yuqtirish va shu bilan bog‘liq o‘limlar borasida kam talofat ko‘rdi, hammasi kutganimizdan yaxshiroq nazorat qilindi. Ikkinchi tomondan esa biz ulardan farqli ravishda 2021 yilgi mavsum rejalarini to‘la ishlab chiqib ulgurmagandik (shu joyini ming xijolat bilan yozdim). Yevropa klublari esa mavsumni yakunlay olmasligi katta ehtimol, boisi ular kelasi mavsum haqida allaqachon bosh qotirib qo‘yishgan. O‘rtada esa vaqtdan yutqazishyapti.

Biz nimadan voz kechishimiz mumkin?

Menimcha, birinchi navbatla Liga kubogi musobaqasi xavf ostida qoladi. Biz unga asos solingan ikkinchi yildayoq turnirni xalqaro maqomga aylantirishga muvaffaq bo‘lgandik. Ya'ni, Qirg‘iziston va Tojikistonning umumiy 8 klubi ham musobaqalarda ishtirok etishi kerak edi. 

Ayni holatda esa xalqaro reyslar va umuman mamlakatlararo kirib-chiqish masalasida xavf bor. Shundan kelib chiqib, turnirni bir yilga kechiktirsak, juda ko‘p narsa yo‘qotmaymiz (O‘FA iloji boricha mazkur turnirni o‘tkazish tarafdori, ammo vaziyat bizning qo‘limizda emas). Aksincha, kelasi yil turnirni yanada yaxshiroq va yanada saviyaliroq o‘tkazishimiz mumkin. Biz bu ishni boshlay olishimizni va birlashishimiz mumkinligini isbotladik. Endi buni yanada yaxshilash ustida ishlashimizga ham ishonaman. Bu borada orqaga qaytish yo‘q. 

Taqvim masalasida nima gap?

Biz endigina 3 ta tur uchrashuvlarini o‘tkazgandik. Mavsum yakuniga qadar yana 23 ta turni o‘tkazib olishga bemalol ulguramiz, menimcha. Orada O‘zbekiston kubogi o‘yinlarini ham o‘z vaqtida o‘tkazish imkoniyatimiz hozircha bor. 

Bundan tashqari, OFK va FIFA bir qator xalqaro o‘yinlarni va sanalarni bekor qilgan. Bu ham o‘z navbatida bizning foydamizga yo‘l ochadi. 

Shuningdek, bizda iyul oyida katta tanaffus bor. Eng bo‘lmagan holatda o‘sha vaqtga ham o‘yinlar qo‘yishga majbur bo‘lishimiz mumkin. Avval ham aytganimizdek, muammodan qochish emas, uni hal qilishni o‘rganish kerak. Qish sovuq, iyul issiq deb o‘tiravermay, projyektorlarni yaxshilasak, sovutish, isitish tizimlariga e'tibor qilsak, qishin-yozin futbol o‘ynashimiz mumkin. Biz 4 faslni ko‘radigan baxtli odamlarmiz, faqatgina bundan oqilona foydalanishni bilmaymiz. Futbol o‘ynab bo‘lmaydi, deb qutulib qo‘ya qolamiz. Akalar, Ilon Mask jahonni o‘zgartiraman deb fazolarda uchyapti, Qatar butun dunyoni ortidan ergashtirib, mundialni qishga suryapti. Biz qachongacha iyulni issiq deymiz? Biz unga yechim topish haqida o‘ylashimiz kerak (o‘tlab ketganim uchun uzr albatta). 

Xullas, mana shunday gaplar. Hukumat mana shu sanadan sizlarga ruxsat desa, biz o‘sha kunning o‘zidayoq yangi taqvim uchun o‘tiramiz. Kayfiyatimiz optimistik, ko‘p muammo ko‘rayotganimiz yo‘q. El boshiga kelgan ishni birgalikda albatta yengib o‘tsak kerak.

Diyor Imomxo‘jayev

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top