09:17 / 29.04.2020
23316
Qozog‘istonda mahalliy ishlab chiqarilgan Chevrolet mashinalari sotilishi boshlandi

“UzAuto Motors” kompaniyasi Qozog‘istondagi hamkori “SaryarkaAvtoProm” bilan birgalikda Qozog‘istonda mahalliy ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobillari sotilishi boshlanganini e'lon qildi.

Foto: autostat.ru

Avtomobillar “Keles Distribution” savdo tarmog‘i orqali sotilmoqda.    

Kompaniyalarning qo‘shma bayonotida aytilishicha, birinchi bosqichda Qozog‘istondagi dilerlik tarmog‘iga Chevrolet Malibu sedani, Cobalt va Nexia modellari, Damas miniveni, Labo yuk mashinasi va Trailblazer krossoveri yetkazilgan. Yaqin orada Qozog‘iston bozoriga Chevrolet Tracker krossoveri chiqariladi.

Ta'kidlanishicha, dastlabki buyurtmalarga ko‘ra Qozog‘istonda Damas va Labo modellari Chevrolet’ning boshqa modellariga nisbatan yetakchilik qilmoqda. Bu ushbu modellarning pandemiya sharoitida tovarlarni yetkazish sohasida tejamkor va samarali avtomobillarga ehtiyoj sezayotgan kichik va o‘rta biznes korxonalari orasida yuqori talabga egaligi bilan bog‘langan.

Chevrolet brendining ko‘p modellari imtiyozli avtokreditlash davlat dasturi ishtirokchisi hisoblanadi. Bu esa qozog‘istonliklarga Chevrolet avtomobillarini qulay shartlar bilan xarid qilish imkonini beradi. 

Chevrolet avtomobillari “SaryarkaAvtoProm”ning Qo‘stanaydagi zavodida 28 martdan ishlab chiqarila boshlangan. 

Top