16:42 / 29.04.2020
4427
Tanqidga munosabat: Andijondagi bog‘chaning soliq idorasi bilan muammolari barham topdi
Foto: KUN.UZ

26 aprel kuni Kun.uz saytida Andijon shahridagi «Ozornyye pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasi va Andijon shahar soliq inspeksiyasi o‘rtasida kelib chiqqan muammoli vaziyat bo‘yicha tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingan edi. Unda bog‘cha hisobchisi tashkilot hisob raqamiga kelib tushayotgan barcha pul mablag‘larini Andijon shahar soliq inspeksiyasi inkassa orqali olib qo‘yayotgani to‘g‘risidagi murojaati yoritilgan.

 Andijon Davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha ma'lumot taqdim etdi.

 «Kun.uz saytida joriy yilning 26 aprel kuni e'lon qilingan, Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi «Ozornyye Pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasidan kelib tushgan murojaat Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, muammo to‘liq bartaraf etildi.

 «Ozornyye Pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasining hisob raqamiga 7,4 mln.so‘m mablag‘ qaytarildi.

 Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga «Ozornyye Pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasi rahbari B.Madiyarova barcha tushunmovchiliklar bartaraf etilganligini ma'lum qildi», deyiladi murojaatda.

«Ozornyye pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasi ma'muriyati ham sayt tahririyati bilan bog‘lanib, tanqidiy maqoladan so‘ng muammo soliq idorasi tomonidan zudlik bilan bartaraf etilganini bildirdi.

Top