23:26 / 29.04.2020
71028

Toshkentda 14 kun sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor vafot etdi

O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 9 nafarga yetdi.

«1959 yilda tug‘ilgan poytaxtlik G. shu yilning 15 aprel kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) bilan yotqizilgan.

O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. Shundan so‘ng, unga ixtisoslashgan tibbiy yordam berish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga og‘ir holatda o‘tkazilgan.

Bemorda bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kabi qator xastaliklar bo‘lgani sababli davolanish og‘ir kechib, 14 kun sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan.

Bundan avval, ya'ni 2 fevralda u ilk bor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan va davolanib chiqqan.

61 yoshli ushbu bemor davolanish davomida kunlik ahvoli video muloqotlar orqali xorijlik va mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan, bemor o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi», – deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bugun mamlakatda koronavirusdan kasallanish bilan bog‘liq yangi holatlar so‘nggi 10 kundagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi - kun davomida 63 kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yildi. Jami zararlanish holatlari 2002taga yetdi, shundan 1096 kishi sog‘aygan bo‘lsa, 9 bemor vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top