19:53 / 29.04.2020
1933
Xalq demokratik partiyasi 1600 nafar deputati bilan umumxalq harakatida faol ishtirok etmoqda
Foto: Xalq demokratik partiyasi

Bugun Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videomuloqot shaklidagi majlisda 80 ta bog‘lanish nuqtasidan 300 nafardan ortiq kishi ishtirok etib, partiya tashkilotlari va barcha darajadagi deputatlik guruhlari karantin davrida amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi.

Prezidentimizning tezkor, muammolar yechimiga aniq yo‘naltirilgan qaror va farmonlari, xavflarni bartaraf etish, xalq manfaatlari ustuvorligini ta'minlash bo‘yicha qat'iy belgilab berayotgan vazifalari yurtimizni murakkab sharoitdan jiddiy yo‘qotishlarsiz olib o‘tishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

COVID-19 virusi keng tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zXDP tizimida 3 ta, ya'ni targ‘ibot-tushuntirish, muhtojlarga yordam tadbirlari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda fikr-munosabatlar bildirib borish yo‘nalishlarida ishlar tashkil etildi.

Partiya tashkilotlari, deputatlari tashabbusi bilan o‘tkazilgan xayriya tadbirlarida hozirgacha ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 6 mlrd. so‘mga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilindi.

Yig‘ilishda partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov sinovli kunlarda sabr-matonatli va bag‘rikeng bo‘lib, muhtoj oilalarga beg‘araz yordam ko‘rsatib kelayotgan deputatlar, partiya faollari va faxriylarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimizda sinovli kunlardan mardonavor o‘tish, birinchi navbatda virusga chalinganlarga yuqori darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining sog‘lig‘ini muhofazalash, ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha tezkor zaruriy choralar ko‘rilayotgani ta'kidlandi. Natijada yurtimizda koronavirusdan zararlanganlar orasida o‘lim holati boshqa davlatlarga nisbatan juda kam bo‘lishiga erishilyapti.

Yig‘ilishda hududiy partiya tashkilotlari raislari, mahalliy Kengashlar deputatlari, el-yurt orasida katta hurmatga erishgan, ko‘pni ko‘rgan faxriylar Prezidentimiz ilgari surgan tashabbus – “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etish, imkoniyat darajasida ezgu ishlarga hissa qo‘shish ma'naviy burchimiz ekanini ta'kidlashdi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida bir qator yo‘nalishlarda vazifalar belgilab olindi, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman (shahar) Kengashlaridagi 1600 nafar deputatlar, partiya xodimlari va faollariga bundan keyin ham ehtiyojmandlarga yordam berish jarayonlarini tashkil etish tavsiya etildi.

Deputatlar, partiya faollarining imkoniyatlarga qarab, kamida bitta juda ehtiyojmand oilani homiylikka olish tashabbusi bilan qo‘llab-quvvatlandi. Buning natijasida respublika bo‘yicha qariyb 2 mingdan ortiq og‘ir ahvolga tushib qolgan oila qisqa muddatda himoyaga olinadi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi bo‘linmalaridan zaruriy iste'mol tovarlari va tibbiy mahsulotlarning ehtiyojmandlarga manzilli yetib borishi ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish so‘raldi.

Hamjihatligimiz mustahkam bo‘lsa, Ramazon oyi kunlarida ezgu amallar uchun intilsak, hozirgi sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tamiz.

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

Top