20:18 / 29.04.2020
21173
Yuzalarni viruslarga qarshi zararsizlantirishdagi bosh xato ma'lum qilindi  

Yuzalarni zararsizlantirish koronavirusga qarshi kurashdagi eng samarali choralardan biri hisoblanadi. Biroq ko‘pchilik odamlar bu jarayonni noto‘g‘ri amalga oshiradilar.

Foto: Shutterstock

Bu haqda biologik zararsizlantirish bo‘yicha avstraliyalik mutaxassis Kori Chalmers so‘zlab berdi.

Uning ta'kidlashicha, viruslarni yo‘qotishda eng yuqori samara yuzani tozalash va so‘ngra uni zararsizlantirishda erishiladi. Bu tushunchalar yanglish tarzda bir sinonim deb tushuniladi. Vaholanki, tozalash sovunlangan latta bilan, zararsizlantirish esa maxsus vositalar bilan ishlov berishni nazarda tutadi.

“Iflos yuzalar mikroblar bilan qoplangan bo‘ladi. Ular bioplyonka hosil qiladi. Bu bioplyonka zararsizlantiruvchi aralashmalarning kirishiga to‘sqinlik qiladi. Ya'ni dastlab mikroblar qatlamini yo‘qotish lozim. Buni oddiy sovun yaxshi uddalay oladi. So‘ngra kimyoviy vosita yuzada qolgan barcha viruslar va bakteriyalarni samarali yo‘q qila oladi”, deb keltirib o‘tgan mutaxassisning so‘zlarini Business Insider nashri.

Chalmersning ta'kidlashicha, eng yaxshi natijaga erishish uchun sovunlangan lattani to‘rt qilib buklash va muayyan yuzani tozalagandan keyin boshqa tomoniga o‘girish lozim. Bir latta bilan uydagi barcha buyumlarni artish tavsiya etilmaydi – bu aksincha mikroblar tarqalishiga yordam beradi. Matoni har qo‘llagandan keyin yaxshilab chayish yoki qalin qog‘oz sochiqlardan foydalanish lozim.

Yuza tozalangandan keyin uning ortidan beriladigan zararsizlantiruvchi vosita darhol artib tashlanmasligi kerak. Mutaxassisning aytishicha, bunday tarkibni viruslar to‘liq zararsizlanishi uchun o‘rtacha 10 daqiqa ushlab turish lozim.

Tadqiqotlarga ko‘ra, koronavirus turli yuzalarda 7 kungacha saqlanib qolishi mumkin. Misol uchun, virus qog‘oz va tangalarda 3-4 soat, yog‘och, mato va metall yuzalarda 2-3 kun, oyna va banknotalarda 4 kun yashashi mumkin. Virusning saqlanib qolishi uzoqligi xonadagi harorat va namlikka ham bog‘liq.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top