08:56 / 30.04.2020
3392
Budjetdan qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘risida ma'lumot berildi

2019 yilda respublika bo‘yicha jami qariyb 11 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilingan bo‘lib, har bir gektar uchun davlat budjetidan 8 mln. so‘mdan jami 86,2 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarining tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun tijorat banklaridan jalb qilingan kredit majburiyatlari bo‘yicha foiz xarajatlarining 10 foizli punkt miqdorini qoplash uchun Moliya vazirligi tomonidan Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 5 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan uzum plantatsiyalarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish, suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqlarni, shuningdek daryolar,kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyalarini qurishga subsidiya berilgan.

2019 yilda respublika budjetidan mazkur jamg‘armaga 60 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lardan 25,1 mlrd. so‘mi o‘zlashtirilgan. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 14,0 mlrd. so‘m va suv quduqlarini qurishga 11,1 mlrd.so‘m subsidiya ajratilgan. 2019 yilda 3 639 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilingan bo‘lsa, 2 007 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Mazkur hududlarga suv chiqarish uchun 92 ta yangi quduqlar burg‘ilangan.

“Yangi tokzorlar barpo qilinayotgan hududlarning aksariyati lalmi maydonlarga to‘g‘ri kelayotganligi, birinchi navbatda respublika hududlaridagi foydalanilmay turgan yerlarni o‘zlashtirish, foydalanishga kiritish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Barpo qilingan tokzorlar uch yildan keyin hosilga kirishi aholining real daromadlari oshishiga va qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil qilinishiga zamin yaratadi.

Mazkur ishlarni davom ettirish hamda yanada jadallashtirish maqsadida, 2020 yilda jami 44 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etishni rag‘batlantirish tadbirlariga, respublika konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan jami 318,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi PQ–3574-son “Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida, 2019 yilda fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste'mol qilgan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun davlat budjetidan 150,8 mlrd. so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilgan. Mazkur yo‘nalishda fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, davlat budjetining 2020 yil parametrlarida 344,6 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Shuningdek 2019 yilda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi PQ¬¬¬–4246-son qaroriga asosan, belgilangan bir qator tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini respublikaga import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari summasining 10 foizi miqdorida, jami 15,7 mlrd. so‘m mablag‘lar Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi PQ–3824-son “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida tashkil etilgan, Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini moliyalashtirish uchun, davlat budjetidan 2019 yilda 85,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan va 2020 yilda ushbu to‘lovlar uchun 100 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilishi, fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini yaxshilash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, umuman olganda fermer xo‘jaliklarida hisob-kitoblarning to‘laqonli yuritilishiga xizmat qiladi”, - deyiladi ma'lumotda.

Bildirilishicha, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish hamda favqulodda holatlarda hosilni saqlash tadbirlariga 2019 yilda davlat budjetidan 120 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, ushbu tadbirlarga 2020 yil uchun tasdiqlangan davlat budjeti parametrlarida ham 120 mlrd. so‘m ko‘zda tutilgan.   

Top