03:37 / 30.04.2020
17439

Buyuk Britaniya koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha uchinchi o‘ringa chiqdi

Birlashgan Qirollik yangi turdagi koronavirus oqibatida kelib chiqqan o‘limlar soni bo‘yicha jahonda uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raabning chorshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, mamlakatda o‘limlar soni 26 mingdan o‘tgan.

Foto: AP / Alberto Pezzali

«Biz statistikaga umumiy hisobda qo‘shimcha 3811 ta o‘lim holatini qo‘shdik», — degan Raab. Bunga sabab sifatida vazir Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasi endi shu paytga qadar bo‘lganidek faqat shifoxonalarda emas, qariyalar uyi, hospislar, shuningdek o‘z uyida koronavirusdan vafot etganlar sonini ham hisobga olishini keltirgan.

«Taassufki, bugungi raqamlar o‘tgan sutkaga nisbatan mamlakatda koronavirus yuqtirgan 765 bemor vafot etganini ko‘rsatmoqda», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda TASS.

Hisob-kitob uslubining o‘zgarishi natijasida bir sutkada mamlakatda qayd etilgan o‘limlar soni 21678 holatdan 26 mingga yetgan. Shunday qilib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Buyuk Britaniya hozir Italiya va AQShdan ortda bormoqda.

Lekin, Raabning ta'kidlashicha, bu holatda gap o‘lim holatlarning kutilmaganda keskin ko‘payishi haqida bormayapti. Yangilangan statistika Birlashgan Qirollikda 2 martdan 28 aprelgacha qayd etilgan va hisobga olinmay kelgan o‘lim holatlarini jamlagan. Boz ustiga, o‘lim yangi koronavirus tufayli yuz bergani tasdiqlangan holatlargina hisobga olingan.

28 aprel kuni Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi 586 nafar o‘lim holati haqida xabar bergan. Avvalgi kunlar bu ko‘rsatkichlar 413 va 360 o‘limga teng bo‘lgan, ikki kun avvalgi ko‘rsatkich 30 martdan buyon eng pasti bo‘lgan. Biroq, endi u yana sutkasiga 700-800 o‘lim bilan so‘nggi ikki hafta avvalgi ko‘rsatkichga qaytgan.

Ayni paytga kelib, Buyuk Britaniyada yangi koronavirus yuqtirganlik bo‘yicha olingan tahlillar 165 ming 221 kishida musbat natija bergan. So‘nggi ikki haftada bu ko‘rsatkich 4,7 ming holatga o‘sgan. Raabning ta'kidlashicha, Britaniyada epidemiyaning avj nuqtasi hali bosib o‘tilgani yo‘q. 23 mart kuni joriy etilgan karantin muddatidan juda erta yoki haddan tashqari bo‘shashtirilsa kasallikning ikkinchi to‘lqini xavfidan qochib bo‘lmaydi.

Raabga ko‘ra, mamlakat bugungi kunda sutkasiga koronavirus yuqtirganlikni aniqlashtiruvchi 73 mingta test o‘tkazishmoqda. Shu oyning oxirigacha bu ko‘rsatkich 100 mingtaga yetkazilishi kerak edi, biroq logistika bilan bog‘liq murakkabliklar tufayli talab taklifdan pastroq bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top