13:53 / 30.04.2020
16139
Gazetalar kerak, lekin «gazeta»lar kerak emas

Bu mavzu har zamonda bir ko‘tarilib turadi va bahslar ancha vaqt davom etadi. Oxiri hamma o‘z fikrida qoladi, aytarli hech narsa o‘zgarmaydi va ma'lum muddat muhokamalar to‘xtaydi. Qizig‘i, gazetalar yana bir muammoga duch kelganda, yoki ularning vaziyati ochiq gapirilganda yana qo‘zg‘aladi.

Foto: iStock

Gazetachilarning bir muammosi bor – bu mavzuni juda og‘riqli qabul qilishadi va darhol zirhli qalqon orqasiga o‘tib olishadi. Ularning nazdida gazeta tizimi shu holga tushishiga hamma aybdor – davlat, obuna bo‘lmagan o‘quvchi, pul bermagan vazir, qurumsoq muassis, ma'naviyatdan uzoqlashgan o‘qituvchi, magazinchi G‘aybulla va hokazo. Zinhor shu gazetaning bosh muharrirlariyu mutasaddilari emas!

Kechirasiz, tanangizga o‘ylab ko‘ring, shuncha odamga kerak bo‘lmagan narsani nega siz ertalab ishga borib, kechga qaytishingiz, bosh muharrir degan nomni saqlab turishingiz va oy oxirida haminqadar maoshingizni olishingiz uchun saqlab turish kerak? Nega?!

Keling, negaligini birma-bir tahlil qilamiz.

Masalaning moddiy jihati

Gazetalarning moddiy jihatdan murakkab vaziyatga tushib qolganini o‘zingiz birinchi o‘rinda tan olasiz va bong urasiz. Nechtasi chop etilmay ham qoldi. Xo‘p, ana shunday vaziyatda birinchi navbatda siz o‘zingiz uyingiz yoki mashinangizni sotib, tahririyatning kam-ko‘stiga sarflay olasizmi? Hayotda qilmagansiz, hozir ham qilmaysiz va katta ehtimol bilan kelajakda ham bunday qahramonlikni kutish qiyin.

Xo‘sh, birinchi navbatda o‘zingiz boringizni tikmaydigan sohaga nega boshqalar jon kuydirmagani uchun yozg‘irasiz?

Faqat «davlat tibbiyotni, ta'limni ta'minlayaptiku» deya o‘zingizni aldamang. Gazetalar davlat mafkurasining asosini xalqqa singdirib, bir ramkada ushlab turadigan kommunizm davri allaqachon tugagan. Buni anglab yetadigan vaqt allaqachon kelgan.

Siz yoqtirgan ma'naviy jihati

Bir o‘ylab ko‘raylik, gazetalardagi «o‘ta noyob» ma'naviyatning shakl-u shamoyili qanaqa? Qandaydir maqolaning mazmunida, deysizmi? Yashang! Endi qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib javob bering – o‘sha maqolaning muallifi «ma'naviyat»li maqolasini 2-3 ming tirajga ega gazetada chop ettirgandan ko‘ra bir lahzada o‘quvchiga yetib boruvchi, kamida 50-100 ming odam ko‘ruvchi, maqola qiziqarli bo‘lsa turli manbalar orqali tarqalib, ko‘rilish ko‘rsatkichlari ham oshib boruvchi biror saytda, boringki telegram kanalda e'lon qilgani yaxshi emasmi? Muallif bir, maqola bir, eng muhimi mazmun bir bo‘lsa – amalda nima o‘zgaradi? Sizning ma'naviy durdonangiz xalq uchun shu qadar muhim bo‘lsa, nega uning imkoniyatlarini kengaytirish haqida o‘ylamaysiz?

Ikki lashkar

Gazetachilarning eng «chatoq» jihati – bu mavzu ko‘tarilishi bilan g‘uj bo‘lib boshqalarga qarshi turib olishlarida, vaziyatni to‘g‘ri anglab yetmasliklarida, maslahatni umuman qabul qilmasliklarida. Tushuning, sizning qalqib turgan o‘rningiz allaqachon hech kimga kerak emas! Lekin sizning tajribangiz, salohiyatingiz bir qobiqdan chiqarilib to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ko‘pchilikka foydali bo‘lishi mumkin. Kimdir o‘z ixtiyori bilan xarid qilgan, obuna bo‘lgan, qiziqarli deb hisoblaydigan gazetalar kerak bo‘lsa ming yil yashasin. Lekin kimningdir buyrug‘iga mo‘ltirab yashashni bas qilish vaqti yetdi.

Argumentlar

Gazeta xodimlari o‘z himoyalari yo‘lida bir qator argumentlar keltiradilar.

Gazeta mafkura – davlat kerak bo‘lsa million tirajda chiqarib, xalqqa yetkazib qo‘yishi kerak. Yaxshi mantiq. Balki davlatga kerakdir, ammo xalqqa, o‘quvchiga kerakmikan shu? Markaziy telekanallar yana «musaffo osmon» tizimiga mustahkam o‘tib olishdi. Rangdor lavhalarni vaqtida yetkazib turishibdi. Shunday paytda mana shunday «muhim ma'lumot»larni bir hafta keyin tashuvchi vositani kimdir kutyaptimi?

Saytlarda «subut» yo‘q, maqolani e'lon qiladi va kerak bo‘lsa o‘chirib tashlayveradi – bu jihatdan gazeta farqli, albatta. Lekin gazetalar bunday maqolalarni chiqarmay qo‘ya qolishadi, tamom. Yoki biror xato qilib qo‘ysalar ham shuni birov ko‘rib qolmadimikan, qani imkon bo‘lsa-yu ortga qaytib shu xatoni to‘g‘rilay olsam, degan armonda bo‘lishadi. Aslida bu ham saytlarning yana bir ustunlik jihati – ortga qaytib xatoni to‘g‘rilash imkoniyati bor.

Internet hamma joyda ham yo‘q – kuchli argument. Lekin mutelik, chorasizlik qayig‘iga tirmashish deydilar buni. Internet muammosini hal qilish kerak emasmi aslida. Ertami kechmi hal qilinsa, bu argument tumandek tarqaydimi shunda? Bu xuddi sham ishlab chiqaruvchining «men hamisha kerakman, chunki qishloqda chiroq yo‘q» deb maqtanishidek gap. Aslida sham ishlab chiqaruvchi bunday maqtanishga haqliroq, sababi, kimningdir qorong‘i uyini yorityapti. Gazeta esa muammo ortidan yashayotgani bilan maqtanishi emas, o‘sha muammoni bartaraf qilishga tirishishi kerak. Darvoqe, gazetalar mutasaddilari hech tahlil qilib ko‘rganlarmi, o‘z auditoriyalari deb hisoblovchi internetsiz qishloqlarda necha kishi shu gazetani o‘qiyapti ekan. Qilmagan bo‘lsalar ayni vaqti, bir qizarib oladilar.

Rivojlangan davlatlarda gazetalar millionlab nusxada chiqyapti – sal pichoqqa ilinadigan argument. Lekin bu ham bizdagi bosma nashrlarga qarshi ishlaydi aslida. Xo‘sh, o‘sha xorijdagi millionlab chiqayotgan qaysi nashr raqamli formatni o‘z holiga tashlab qo‘ygan? Saytini ham muntazam rivojlantirmayotgan, faqat qog‘ozga yopishib qolgan birorta gazetani ko‘rsata olasizmi?

Gazetada tajribali va aqli butun odamlar ishlaydilar, saytlarda buning aksi – qotib qolgan qarash. Dogma. Hech qachon barcha saytlar savodli bo‘lib ketmaganidek, barcha gazetalar ham bexato, mukammal chiqavermagan.

Gazetaning, qog‘ozning hidi boshqa – debdi kimdir. Shunchaki kulgili...

Sen kimsanki bizni muhokama qilasan, desangiz kerak baribir. Kamina OAV sohasidagi 20 yillik faoliyatimning 16 yilini aynan gazetalarda o‘tkazganman. Men rahbar bo‘lib ishlagan ikki gazeta tiraji 100 mingga qadar borgandi. Bugun biri faoliyatini to‘xtatdi, ikkinchisi 20 mingcha atrofida.

Bu holat faqat bizda emas. Possovet hududda mafkuralardan xoli tarzda chiqqan «Argumenty i fakty» gazetasi 32 mln nusxa chiqqani bilan Ginnessda qayd etilgan. Hozir shu gazeta 1,3 mln atrofida chop etiladi. Lekin barcha yetakchi nashrlar kabi vaziyatni to‘g‘ri anglab, raqamlashtirishga o‘tgan va bugungi kunda gazeta nomidagi oylik auditoriyasi 30-40 millionlik saytga ega. Ya'ni «narigi taraf» o‘rnini olib qo‘yishidan alamzada bo‘lish o‘rniga u tomon imkoniyatlaridan ham vaqtida foydalangan.

«Kelajak faqat saytlarniki» degan fikrni ilgari surish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Albatta, saytlar bir vaqtda televizor, gazeta va radio bo‘la olishadi. Lekin so‘nggi paytlarda yashinday chaqnovchi Telegram kanallar tezkorlikni olib qo‘yishi mumkin. Buni yaxshi anglagan yetakchi saytlar asosiy ishlari bilan birga barcha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritadilar.

Bir misol bilan yakunlagim keldi: qog‘oz formatiga behad yopishib qolganlarni hanuz plyonkali fotoapparat ishlatib yurganlarga o‘xshataman. Yakuniy maqsad sifatli surat olish va tarqatish bo‘lgan bir paytda raqamli tizimni qabul qilmay, plyonkani yuvdirib, bittadan chop ettirib, qo‘liga olib qarab zavqlanishga o‘xshaydi bu.

Abror Zohidov

Top