11:41 / 30.04.2020
18504

Jizzaxda haydovchining rulda uxlab qolishi o‘zi va voyaga yetmagan bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Joriy yilning 29 aprel kuni soat 18:00larda, Jizzax viloyati, Paxtakor tumani hududidan o‘tgan “Termiz-Toshkent” M-39 avtomobil yo‘lining 967-km.da yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1995 y.t B.E. “Matiz” rusumli transport vositasini Toshkent yo‘nalishiga qarab boshqarib ketayotgan vaqtida uxlab qolishi natijasida rul boshqaruvini yo‘qotib avtomashina yo‘lning o‘ng chetiga chiqib ketib ag‘darilishi oqibatida YTH sodir bo‘lgan.

Natijada, haydovchi B.E. va yo‘lovchi voyaga yetmagan, 2007 y.t. Z.E. voqea joyida vafot etishgan.

Avtomashina salonida bo‘lgan yo‘lovchilar - 35 yoshli M.M., 14 yoshli U.E., 12 yoshli A.E. va 6 yoshli S.E. tibbiyot birlashmasiga turli tan jarohatlari bilan yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari, karantin vaqtida zaruratsiz ko‘chaga chiqmasligingizni, zarurat bilan chiqqan vaqtingizda ham charchoq holatida transport vositasi boshqarmasligingizni, “Yo‘l harakati qoidalari”ga amal qilishingizni so‘rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top