23:49 / 30.04.2020
7052

Karantin choralarini joriy etmaslik Shvetsiya iqtisodiyotini qutqarib qololmasligi ma'lum qilindi

Shvetsiya pandemiya sharoitida imkon qadar o‘z iqtisodiyotini himoya qilishga urinmoqda va mamlakatda karantin choralarini joriy qilmayapti. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 21 mingdan oshgan, 2,5 ming kishi vafot etgan.

Foto: Johan Nilsson / Reuters

Koronavirus tarqalishi sababli keskin karantin choralarini kiritishdan voz kechish Shvetsiya iqtisodiyotini qutqarib qololmaydi. Bu haqda qirollikning Riksbank markaziy bankiga asoslanib CNBC xabar bermoqda.

Markaziy bank 2020 yildagi Shvetsiya iqtisodiyoti uchun ikkita ssenariy taqdim etdi. Qayd etilishicha, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa davlatlardan farqli ravishda karantin choralarini joriy etishni istamagan Shvetsiya uchun har ikki holatda ham raqamlar quvonarli emas.

Ikkala ssenariyda ham Shvetsiya YaIM keskin kamayadi. Ijobiyroq ssenariyda 2020 yil natijalariga ko‘ra pasayish 6,9 foizni tashkil etadi, 2021 yilda esa iqtisodiyot 4,6 foizga tiklanadi. Ishsizlik darajasi 8,8 foiz atrofida bo‘ladi (hozirda 7,2 foiz). Salbiy ssenariyda esa mamlakat YaIM 9,7 foizga qisqaradi, kelasi yilda esa 1,7 foizga o‘sadi. U holda ishsizlik darajasi 10,1 foizga yetadi.

Shvetsiya pandemiya sharoitida imkon qadar o‘z iqtisodiyotini himoya qilishga urinmoqda va mamlakatda karantin choralarini joriy qilmayapti. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 21 mingdan oshgan, 2,5 ming kishi vafot etgan.

Xalqaro valuta jamg‘armasining taxminiga ko‘ra, 2020 yilda Yevropa mamlakatlari YaIM 7,5 foizga kamayadi. Eng ko‘p Italiya va Ispaniya jabr ko‘radi – bu mamlakatlarda YaIM mos ravishda 9,1 va 8 foizga pasayadi. 

Jahon iqtisodiyoti esa 2020 yilda 3 foizga pasayishi taxmin qilingan.

XVJ O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishlari bo‘yicha ham taxminlarini e'lon qilgan. Unga ko‘ra, 2020 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur'ati 1,8 foizni tashkil qiladi. Lekin 2021 yilda 7 foizga chiqadi. Inflatsiya 12,6 foiz, kelgusi yilda 10,6 foiz bo‘lishi taxmin qilingan.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top