15:53 / 30.04.2020
3002
Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 90 foizi tezkorlik bilan hal etildi

Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar asosida Kosonsoy tumanidagi 28 gektar yer maydoni 220 nafar kam ta'minlangan, ko‘makka muhtoj yoshlarga 8 sotixdan bo‘lib berildi.

Joriy yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasiga aholi tomonidan 2091 ta murojaat kelib tushgan. Ularning  aksar qismi, ya'ni 90 foizi tezkorlik bilan hal etilgan.

Jumladan, Kosonsoy tumani “Jar” mahallasi aholisini maktab masalasi yillar davomida qiynadi. Qishning chillasi-yu yog‘ingarchilik kunlarda uzoq masofa bosib qo‘shni qishloqqa ilojsiz qatnab ta'lim olayotgan yoshlar uchun bu masalaga nuqta qo‘yildi. Nabixon ota Salomovning mahalla nomidan Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati qisqa fursatlarda ko‘rib chiqilib, ijrosiga kirishildi. 8,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilayotgan 420 o‘rinli maktab sentabr oyida ish boshlaydi.

Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar asosida Kosonsoy tumanidagi 28 gektar yer maydoni 220 nafar kam ta'minlangan, ko‘makka muhtoj yoshlarga 8 sotixdan bo‘lib berildi. Qurilayotgan issiqxonalar endi yoshlarning daromad manbai bo‘ladi. Xorij mamlakatlarida ishlab, ming bir qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan Bahodir Toshpo‘latov ham bugun o‘z elida o‘z yeriga ega bo‘ldi.

Ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishga kirishgan “Ibodulla GOLD invest” FX rahbari dastlab yer maydoni yetishmovchiligi sabab  muammolarga duch keldi. U bu masala bilan  Xalq qabulxonasiga bordi va shu yerda yechim topishga erishdi. Kosonsoy tumanining chekka hududidan yer maydoni ajratildi. Hozirda 120 bosh qoramol, 225 bosh qo‘y, 25 ta  tuyaqush va 30 quti asalari boqayotgan xo‘jalik rahbari bu ishlar hajmini yanada kengaytirish niyatida. Namangan viloyat Xalq qabulxonasi xo‘jalikka zarur bo‘lgan yer maydonini yanada kengaytirish borasidagi masalani ham tez kunlarda hal qilishini bildirdi. 

Xalq qabulxonasi aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta'minlashda qator tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, “Terriy Jar Tekstil” korxonasida ishlayotgan 700 nafar ishchining 60  nafari aynan Xalq qabulxonasi mutasaddilari tavsiyasi bilan ishga qabul qilingan.

Kosonsoy tumani “Bahoriston” mahallasi fuqarolarining yangi bolalar bog‘chasiga zarurati yuzasidan qilgan murojaati ham tez orada o‘z yechimini topdi. Qishloqdagi mazkur 100 o‘rinli maktabgacha ta'lim maskani karantin tugashi bilanoq kichkintoylarni o‘z bag‘riga oladi.  

Top