23:33 / 30.04.2020
4550
Oilaviy pudrat asosida pilla yetishtirish tartibi belgilandi (batafsil)

Qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan, «Tutzorlarni oilaviy pudrat asosida aholiga ajratib berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Foto: Advantour

Nizom talablari «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi hududiy «Agropilla» MChJga tegishli tutzorlarga nisbatan tatbiq etiladi.

«Agropilla» MChJ tomonidan tutzorlarni oilaviy pudrat asosida aholiga (oilaga) ajratish bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi haqida mavsum boshlanishidan kamida 1 oy oldin mahalliy OAVda e'lon beriladi.

Tutzorlarni oilaviy pudrat asosida aholiga (oilaga) ajratib berish maqsadida «Agropilla» MChJ rahbarining qarori bilan Tutzorlarni oilaviy pudrat asosida aholiga ajratib berish bo‘yicha tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

Oila boshlig‘i yoki oilaning voyaga yetgan boshqa a'zosi (talabgor) oilaviy pudrat asosida tutzorlarni ajratib berish haqida tanlov e'lon qilingandan keyin bir oy ichida Komissiyaga yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Arizada: talabgorning mehnatga layoqatli doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan oila a'zolari soni, tutzorlarga ishlov berish va tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bilim va tajribasi hamda talabgorda tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bino va inshootlar hamda shart-sharoitlar mavjudligi haqida ma'lumotlar ko‘rsatiladi.

Arizalar Komissiya tomonidan 7 kun ichida ko‘rib chiqiladi, bunda Komissiya zarur hollarda arizada ko‘rsatilgan ma'lumotlarni manzil bo‘yicha joyiga borib o‘rganishi mumkin.

Talabgor quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

  • oilaning mehnatga layoqatli doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a'zolarining mavjudligi va ularning soni;
  • oila a'zolarining tutzorlarga ishlov berish va tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bilim va tajribaga egaligi;
  • tut ipak qurtini parvarishlash uchun zarur bino va inshootlar hamda shart-sharoitlar mavjudligi.

Komissiya yuqorida keltirilgan mezonlarga asosan talabgorga tutzorlarni oilaviy pudrat asosida ajratishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi haqida xulosa qiladi va «Agropilla» MChJ rahbariga taqdim etadi.

«Agropilla» MChJ rahbari Komissiya xulosasiga muvofiq tutzorlarni oilaviy pudrat asosida ajratib berish to‘g‘risida 3 kunlik muddatda qaror qabul qiladi va talabgorga bu haqda yozma yoki elektron tarzda xabar beradi.

«Agropilla» MChJ rahbarining qarorida oilaviy pudrat asosida talabgorlarga ajratiladigan tutzorlarning o‘lchami, ularning joylashgan manzili, talabgorning talabi qondirilmagan taqdirda esa uning asoslangan sababi ko‘rsatiladi.

Tutzorlarni ajratib berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng «Agropilla» MChJ rahbari va talabgor o‘rtasida tutzorlarni ipak qurti boqish va pilla mahsuloti yetishtirish uchun oilaviy pudrat asosida ajratib berish bo‘yicha 5 yil muddatga shartnoma (pudrat shartnomasi) tuziladi.

Oilaviy pudrat shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi lozim:

  • shartnoma tuzilgan sana va joy;
  • shartnoma predmeti;
  • tomonlarning huquq va majburiyatlari;
  • tutzorlardan foydalanish shartlari, tomonlarning almashlab ekish sxemasiga muvofiq tut daraxtlarining barg hosildorligi, yerni meliorativ holati, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar;
  • yetishtiriladigan tirik pilla mahsulotining miqdori va sifati;
  • yetishtirilgan pilla mahsulotining bahosi, unga haq to‘lash va uni sotish shartlari;
  • tutzorlarni sug‘orish uchun suv va moddiy-texnika resurslari bilan oilaviy pudratchini ta'minlash;
  • tomonlarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi va ularning kelishuviga ko‘ra boshqa shartlar.

Shartnoma 2 nusxada tuziladi va imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi. Shartnomaning bir nusxasi «Agropilla» MChJda, ikkinchi nusxasi tanlov natijasida g‘olib deb topilgan talabgor (oilaviy pudratchi)da saqlanadi.

Tutzorlarni oilaviy pudratchiga topshirishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Dalolatnoma tutzorlarning o‘lchami, ularning joylashgan manzili, holati va tutzorlardagi mavjud ko‘p yillik daraxtlar soni ko‘rsatilgan holda ikki nusxada tuziladi hamda «Agropilla» MChJ vakili va oilaviy pudratchi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bitta nusxasi «Agropilla» MChJda, ikkinchi nusxasi oilaviy pudratchida saqlanadi.

Oilaviy pudratchilarga berilgan tutzorlarda «Agropilla» MChJ rahbarining yozma roziligi bilan vaqtinchalik qurilma va boshqa inshootlar qurilishi mumkin.

Oilaviy pudratchi tutzorlardan tut bargi yetishtirish va tut ipak qurti parvarishlash maqsadida foydalanilganda:

  • tutzorlarni orasiga tut ko‘chatlarini ekish mumkin, bunda ularning 95 foizidan ortiq ko‘karuvchanligini ta'minlaydi va asrab qolish choralarini ko‘radi;
  • tutzorlarning tut bargi hosildorligini oshirish maqsadida o‘z vaqtida bahorgi, yozgi va kuzgi agrotexnik ishlovlar berish (o‘g‘itlash, tagini yumshatish, qator oralarini haydash va qondirib sug‘orish) ishlarini tashkil qiladi;
  • tutzorlar yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish va tutzorlarning barg hosildorligini ko‘paytirish choralarini ko‘radi;
  • tutzorlarni asrash hamda ularning payxon qilinishi va noqonuniy kesib ketilishining oldini olish choralarini ko‘radi;
  • tutzorlardan olingan tut bargidan pilla yetishtirish uchun foydalanadi, bunda tut ipak qurti parvarishlash hajmi tut bargining miqdoriga qarab belgilanadi;
  • yetishtirilgan tirik pillani shartnoma asosida to‘liq pillani qayta ishlash korxonasiga topshiradi.

Oilaviy pudratchilar tutzorlardagi tutlar oraliqlaridan ularning tut bargi hosildorligini kamaytirmagan holda mustaqil ravishda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishda foydalanishi mumkin.

Bunda, oilaviy pudratchi tomonidan yetishtirilgan pilla hosilini sotishdan tashqari tutzorlar orasiga qo‘shimcha ekinlar ekish orqali olinadigan daromadlar oilaviy pudratchining o‘zida qoladi.

 «Agropilla» MChJ pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan oilaviy pudratchilarga tutzorlarni yangilash uchun tut ko‘chatlari, shuningdek pilla mavsumlarida ipak qurti urug‘i hamda tomonlar kelishuviga ko‘ra bo‘nak (avans) mablag‘lari berilishini ta'minlaydi. Bunda oilaviy pudratchilarga tutzorlarni yangilash uchun tut ko‘chatlari va pilla mavsumlarida ipak qurti urug‘i bepul yetkazib beriladi.

Tuman «Agropilla» MChJ tavsiyasiga asosan tuman «Agrokimyohimoya» hududiy AJlarning tuman bo‘linmalari tut daraxtlarining o‘ta xavfli zararkunandasi (tut parvonasi)ga va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshiradi.

Tuman «Agropilla» MChJ pillani qayta ishlash korxonalari bilan birgalikda oilaviy pudrat asosida ajratilgan tutzorlardan maqsadli va samarali foydalanishni monitoring qiladi.

Xatlov natijalari bo‘yicha tut daraxtlarining kamayishi, hosildorlikni pasayishi va payhon qilinishi aniqlangan holatlarda oilaviy pudrat shartnomasiga muvofiq javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Shartnoma shartlarini bajarish, o‘zgartirish yoki bekor qilish vaqtida taraflar o‘rtasida kelib chiqadigan nizolar shartnomaga muvofiq hal qilinadi.

O‘zaro kelishuvga erishilmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal etiladi.

Top