15:27 / 30.04.2020
13475
O‘zbekistonda yuridik ta'lim va fanni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Prezident tomonidan kuni kecha imzolangan O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni barcha sohalar kabi ilmiy ishlar va innovatsiyalar yo‘nalishi bo‘yicha ham universitetimiz faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Foto: KUN.UZ

Qayd etish zarurki, bugungi kunda ta'lim tizimi, ayniqsa yuridik ta'lim globallashuv davrida jamiyat va iqtisodiyot oldimizga qo‘yayotgan yangi chaqiriqlarga tez moslashuvchan bo‘lishi talab qilinadi.

O‘zbekistonda yuridik ta'limni raqamlashtirish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

Farmonga asosan ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar yo‘nalishida yuridik sohada bir qator yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Birinchi yangilik, zamonaviy ta'limni raqamlashtirmasdan, uni turli muhitga tez moslashuvchanligini ta'minlash masalasi. Ayniqsa, ta'lim jarayonini elektronlashtirish va unga ushbu texnologiyalarni kiritish zaruratini pandemiya sharoitida sezib turibmiz.

Farmon bilan universitetda to‘liq elektron hujjat almashinuviga o‘tish, ilmiy tadqiqot va o‘quv jarayonini raqamlashtirish vazifasi belgilab berildi.

Qayd etish zarurki, rivojlangan xorijiy davlatlarda elektron universitet loyihalari uzoq yillarda beri samarali qo‘llanib kelinayotgan dastur sanaladi.

«Elektron universitet» (E-University) loyihasini nima beradi va uni afzalliklari nimalardan iborat degan tabiiy savol tug‘iladi?

Avvalo, ushbu loyihani universitetga to‘liq joriy qilinishi nafaqat ilmiy tadqiqotlar sohasida, balki o‘quv jarayonini ham to‘liq avtomatlashtirish imkoniyatini yaratadi.

Bularga mashg‘ulotlar jadvalini shakllantirish, imtihonlarni o‘tkazish, baholash, talabalar reytingini shakllantirish, masofaviy dars mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadbirlarni rejalashtirish, onlayn dissertatsiya muhokamalarini o‘tkazish kabi imkoniyatlarni sanab o‘tish mumkin.

Bundan tashqari, “Elektron universitet” (E-University) tizimini joriy etishi ochiq, shaffof, sub'yektivlik va suiiste'molchiliklardan xoli bo‘lgan ta'lim muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyasiz ta'lim muhitini yaratishning muhim elementi sanaladi.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu belgilab berilgan vazifa 2020 yil «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturiga ham to‘liq mos keladi.

Ikkinchi yangilik, Farmon bilan yurisprudensiyada yangi axborot texnologiyalari va tizimlarini ishlab chiqish va tatbiq etish maqsadida Legal Tech laboratoriyasini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilanmoqda.

Legal Tech texnologiyasi O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi tizim bo‘lib, u orqali davlat va huquq sohasida ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazilishi belgilanadi.

Ushbu texnologiya nima va uni yuridik sohadagi ahamiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Bugungi zamonda axborot texnologiyalari har qanday sohaga kirib borishga ulgurgan.

Ta'kidlash joizki, rivojlangan xorijiy mamlakatlarda huquqiy amaliyotda ham yuqoridagi singari axborot texnologiyalari dasturlaridan unumli foydalanib kelinmoqda. Bunday huquqiy texnologiya Legal Tech deb ataladi.

Masalan, AQSh Illinoys texnologiyalar instituti jamoasi tomonidan huquqiy nizo bo‘yicha AQSh Oliy sudi tomonidan qanday qaror qabul qilinishini bashorat qilishga qaratilgan dastur ishlab chiqilgan. Odatda tahliliy bashoratning 70 foizi to‘g‘ri bo‘lib chiqadi.

Shunga o‘xshash bo‘lgan dasturlar Kanadada ham yaratilgan. Yo‘l harakati qoidalarini buzgan va buning uchun politsiya tomonidan berilgan jarimadan norozi bo‘lgan shaxsning advokat yordamisiz sudga murojaat qilishi hamda uning ishi qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishini ta'minlashga qaratilgan maxsus onlayn dasturni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Shuningdek, huquqiy nizolar, muammolarga tatbiq etiladigan qonun hujjatlari normalarini izlab topish, shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish singari dasturlarni ham alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.

Bunday huquqiy texnologiyalar Legal Tech laboratoriyasida yaratiladi. Bu ayni paytda yuristlar va axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislarini hamkorlikda ishlashni talab etadi.

O‘zbekistonda yuristlar, shu jumladan, advokatlarning yetishmasligi sharoitida Legal Tech dasturlarini yaratish va amaliyotga joriy etish kelajakda advokatlarning Legal Tech yordamida ko‘plab fuqarolarga qisqa fursatlarda yuridik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.

Magistraturaga qabul qilish va o‘qish shaklini tashkil qilishga zamonaviy yondashuvlar joriy qilinmoqda

Farmon bilan TDYuU magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tizimida ham juda muhim islohotlar amalga oshirish belgilab berilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar eng avvalo, rivojlangan davlatlarning yuridik sohadagi ta'limini chuqur tahlil qilingan holda, ularni ijobiy tajribasidan kelib chiqadi deb aytish mumkin.

Birinchi yangilik, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston fuqarolarini TDYuU magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabulini amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, bazaviy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlarini joriy etish belgilab berilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, Farmon bilan universitet tomonidan taklif qilinayotgan ta'lim shakllari ham ko‘payib, zamon talablari asosida tashkil qilinmoqda.

Shuningdek, bazaviy oliy yuridik ma'lumotga ega va davlat hokimiyati va boshqaruvi markaziy organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega rahbar xodimlarni magistraturaga, tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasi asosida, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qish uchun qabulini, kirish test sinovlarsiz, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirish tartibi joriy qilindi.

Bu fuqarolarimizga nima beradi degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Qayd etish zarurki, shu kunga qadar yurisprudensiya sohasida bakalavr diplomi bo‘lar turib, ish faoliyatining xususiyatidan kelib chiqqan holda magistraturaga kirish va ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan minglab fuqarolarimiz bor.

Endi ushbu fuqarolarimiz Farmon bilan belgilangan mazkur imkoniyatlardan foydalanib, bemalol test sinovlarisiz to‘lov kontrakti asosida magistr diplomini qo‘lga kiritishi mumkin.

Ushbu shaxslarga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib universitet tomonidan taklif qilinayotgan masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlaridan birini tanlash imkoniyati yaratilmoqda.

Xuddi shunday imtiyoz, bazaviy oliy yuridik ma'lumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlarga ham joriy qilinmoqda.

Ikkinchi yangilik, Farmon bilan iqtidorli va bakalavr bosqichida yuqori natijalarni ko‘rsatgan talabalarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Yangi joriy qilinayotgan tartibga ko‘ra, “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilarni TDYuU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov kontrakt asosda, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab o‘qish imkoniyati yaratilmoqda.

Ushbu yangi tizim nimasi bilan afzal sanaladi?

Mazkur imtiyoz berilayotgan kadrlar kelgusida TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi litseyda faoliyat ko‘rsatuvchi yuqori malakali mutaxassislar bo‘lib faoliyat ko‘rsatadilar.

Bu o‘z navbatida yuridik kadrlarni tayyorlash tizimida avlodlar almashinuvini izchillikda ta'minlashga va iqtidorli yoshlarni kadrlar tayyorlash tizimiga jalb qilishga xizmat qiladi.

Toshkent davlat yuridik universitetining milliy va xalqaro reytingini oshirish bo‘yicha qanday vazifalar belgilab berilgan

TDYuUning milliy reytingdagi o‘rnini yuksaltirish, shuningdek uni 2030 yilgacha xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi eng yaxshi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi belgilanmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti ushbu yo‘nalishda o‘z oldiga qisqa va uzoq muddatli muhim vazifalarni belgilab olgan. Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlaridan kelib chiqib, ushbu faoliyat yo‘nalishlarimizni yana bir bor takomillashtirish imkoniyati yaratilmoqda.

Qayd etish zarurki, xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari xalqaro tan olingan oliy ta'lim muassasalari sanaladi.

Yuqorida qayd etilgan kompleks chora-tadbirlar universitetimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el fuqarolarini o‘qish imkoniyatlarini oshirish, ta'lim dasturlarini samaradorligi va xalqaro tan olinishiga, professor-o‘qituvchilar ilmiy-tadqiqot natijalarini xalqaro ilmiy texnik bazalardagi (Scopus, Web of Science va b.) jurnallarda e'lon qilinishiga, bir so‘z bilan aytganda universitet xalqaro reytingini oshishiga xizmat qiladi.

Mazkur vazifani mantiqiy davomi sifatida Farmonda huquq sohasidagi xalqaro ma'lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash (LexisNexis, WestLaw, JStore va boshqalar) vazifasi ham belgilanmoqda.

Bu, o‘z navbatida, nafaqat universitet professor-o‘qituvchilar uchun, balki butun yuridik ilm-fan vakillari uchun xalqaro yuridik ilm-fanning eng so‘ngi yutuqlari bilan tanishish imkoniyatini yaratib beradi.

Bundan tashqari, Farmonga asosan “TSUL Legal Report” taqrizdan o‘tuvchi talabalar yuridik jurnalini joriy etish hamda uni qog‘oz va elektron shaklda tizimli ravishda nashr etilishini tashkil etish vazifasi belgilab berilmoqda.

Mazkur masala nihoyatda dolzarb sanaladi. Sababi, shunga kunga qadar talabalar uchun, ularning ilmiy tadqiqotlarini chop etish uchun maxsus jurnal mavjud emas edi.

Bu o‘z navbatida, iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviyligini ta'minlashga, ilm-fanga integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Yuridik sohada innovatsiyalar va huquqiy tashabbuslarni tijoratlashtirish istiqbollari qanday?

Yuridik sohada huquqiy tashabbuslar va innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish masalalari ushbu sohani hayotdan ajralib qolmasligi, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida uzviylikni ta'minlashga qaratilgan.

Shu maqsadda, Toshkent davlat yuridik universitetida huquqni qo‘llashning tizimli muammolarini oldindan prognozlash, aniqlash va bartaraf etishga, shu jumladan kafedralar va yuridik xizmat iste'molchilari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga imkon beradigan Huquqiy tashabbuslar va innovatsiyalar markazi (Innovation Center) tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu markaz yordamida samarali faoliyat ko‘rsatadigan “ilmiy-innovatsion markaz – kafedra – ishlab chiqarish” triadasini yaratish vazifasidir.

Bu vazifani bajarish orqali “University 3.0” konsepsiyasini amalga oshirish uchun “Forsayt-prognozlash” innovatsion tizimini bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati yaratiladi.

Shu maqsadda, yuridik sohada innovatsiyalar va huquqiy tashabbuslarni tijoratlashtirish sohasida qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilanmoqda:

- turli tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlariga murakkab konsalting, shu jumladan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish;

- huquqiy bilimlarni ommalashtirish maqsadida TDYuU tomonidan aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan ta'lim xizmatlar turlarini kengaytirish;

- huquqiy sohaga axborot texnologiyalarni kiritish orqali TDYuU tomonidan turli axborot-tahliliy va maslahat xizmatlarni yo‘lga qo‘yish.

Ushbu ustuvor yo‘nalishlari tadqiqotlarni amalga oshirish uchun xo‘jalik shartnomalarni tuzish, startap-korxonalarni tashkil etish hamda davlat-xususiy sherikchilikni yo‘lga qo‘yish orqali amalga oshiriladi.

Xorijda yuridik universitetlarda ushbu sohaga alohida e'tibor qaratilgan.

Garvard va Oksford universitetlarining davriy moliya hisobotlariga e'tibor qaratsak, huquq sohasi bo‘yicha ilg‘or universitetlarining umumiy daromadlaridan o‘rtacha 6 foizi ilmiy tadqiqotlardan, 6 foizi boshqa tadbirkorlik faoliyatidan kelib tushadi. Ya'ni umumiy hajmda innovatsiyalar va huquqiy tashabbuslardan daromadning 12 foizi shakllanadi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab TDYuU o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tganligini inobatga olsak, ushbu yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar universitetning moliyaviy kelajagi va barqarorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Bularni barchasi TDYuU tomonidan innovatsiya va ilmiy faoliyatni tijoratlashtirish hamda moliyaviy resurslarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish orqali o‘z xizmatlarini tijoratlashtirish imkoniyatini yaratadi.

Xalqaro hamkorlik sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetining jami 40 ga yaqin xorijiy hamkorlari bo‘lib, ularning 31 tasi xalqaro reytingda nufuzli o‘rinda turuvchi universitetlar hisoblanadi. Ushbu xalqaro hamkorlik doirasida talabalarni akademik almashinuvi, yuridik fan-ta'lim sohasida professor-o‘qituvchilarning o‘zaro hamkorligi, stajirovka masalalari belgilab olingan.

Mazkur xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning rivojlangan huquqiy davlatlarning huquqini qiyosiy tahlil qilish, o‘sha davlatlar olimlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha bir qator vazifalar oldimizga qo‘yilgan.

Shu maqsadda Germaniya Federativ Respublikasi Regensburg universiteti bilan 2020 yilda TDYuUda nemis tili va huquqi bilimlariga ega yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan bo‘lib, ushbu loyiha joriy yilda o‘z ishini to‘liq boshlaydi.

Yaqin yillarda TDYuUda Buyuk Britaniya va Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bilan TDYuUda ingliz va xitoy huquqini o‘rganish markazlarini ham tashkil qilish bo‘yicha ishlar jadal amalga oshirilayotganligini ham qayd etish zarur.

Mazkur tadqiqot markazlari o‘zbek yurisprudensiyasiga nima beradi, degan haqli savol tug‘iladi.

Hech bir huquqiy tizim o‘zi mustaqil, integratsiyalashuvsiz bugungi kunda mavjud bo‘la olmaydi. Bu ayniqsa, smart kontraktlar va xalqaro elektron shartnomalarga asoslanib rivojlanayotgan xalqaro savdo, xalqaro xususiy huquqiy munosabatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tovar va xizmatlarni eksport hamda importi bo‘yicha yuqori natijalarga erishishni maqsad qilgan ekanmiz, xalqaro huquqning ushbu sohadagi yangi talablari va andozalariga javob beradigan huquqiy fan va ta'limni tashkil qilishimiz zarur.

Shu maqsadda, yuqoridagi tadqiqot markazlari bilan bir qatorda TDYuUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil qilinmoqda.

Bularning barchasi Yaponiya, Germaniya va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquqi va huquqiy tizimlarini qiyosiy tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish va milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan kadrlarni tayyorlash vazifasini oldimizga qo‘ymoqda.

Xulosa qilib aytganda, yaqin kelajakda o‘zbek yuridik fani va ta'limi jahonning ilg‘or yuridik ta'limi bilan chuqur integratsiyalashgan holda, mamlakatimizning barcha sohalarini huquqiy jihatdan ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shadi.

Toshkent davlat yuridik
universiteti prorektori,
yuridik fanlar doktori,
N.Salayev

Top