01:38 / 30.04.2020
28395
Prezident Ramazon hayiti munosabati bilan ko‘p sonli mahkumlarni afv etishi kutilmoqda - manba

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan an'anaga muvofiq, navbatdagi afvni e'lon qilishi kutilmoqda.

Kun.uz`ning bir nechta manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Hayit munosabati bilan e'lon qilinadigan afv birmuncha kattaroq miqyosda bo‘lishi, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan ko‘plab mahbuslarni qamrab olishi mumkin.

So‘nggi marta prezident farmoni bilan 6 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 83 nafar mahkuma ayollar afv etilgan edi.

Shu yil 5 fevralda esa prezident farmoni bilan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 58 nafar fuqaro afv etilgan edi. 2019 yil 6 dekabrda konstitutsiya kuni munosabati bilan 92 nafar fuqaro afv etilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etilgani, so‘nggi uch yilda yetti marta afv e'lon qilingani va buning natijasida qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni o‘tash joylaridan ozod etilganini ma'lum qilgan edi.

Top