11:39 / 30.04.2020
3911
Respublika bo‘yicha YaIMning shakllanishida Toshkent shahri eng katta hissa qo‘shdi

2020 yilning yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha YaIMning shakllanishida Toshkent shahri 17,9 foiz ulush bilan eng katta hissa qo‘shdi.

Foto: Flickr

 Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Toshkent viloyati 10,5 foiz va Navoiy viloyati 8,5 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi. Respublika YaIMni shakllantirishda eng kam ulush Sirdaryo (1,8 foiz), Jizzax (2,4 foiz), Xorazm viloyatlariga (3,4 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.

2020 yilning yanvar-mart oylarida Namangan (8,6 foiz), Surxondaryo (7,1 foiz), Andijon (6,3 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (6,2 foiz) yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi. Respublika darajasiga (4,1 foiz) nisbatan past o‘sish sur'atlari Qashqadaryo (0,6 foiz), Sirdaryo (2,5 foiz) va Samarqand (3,6 foiz) viloyatlarida kuzatildi. 

2020 yilning yanvar-mart oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Jizzax viloyatida (40,0 foiz), sanoatning eng yuqori ulushi Navoiy viloyatida (75,6 foiz), qurilishning eng yuqori ulushi Surxondaryo viloyatida (9,3 foiz) va xizmatlar sohasining eng yuqori ulushi Toshkent shahrida (51,4 foiz) kuzatildi. 

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, qurilish va xizmatlar sohasining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng kam ko‘rsatkich Navoiy viloyatida (mos ravishda, 8,7 foiz, 3,3 foiz va 12,4 foiz), sanoatning eng kam ulushi esa, Surxondaryo viloyatida (11,6 foiz) qayd etildi. 

2020 yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, kichik biznesning respublika bo‘yicha YaIMdagi ulushi 45,8 foizni tashkil etdi. Hududlarda kichik biznesning eng katta ulushi Jizzax (hududda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat umumiy hajmining 74,8 foizini tashkil etgan), Samarqand (68,9 foiz) va Surxondaryo (67,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi. 

Kichik biznesning eng kam ulushi Navoiy viloyati (20,9 foiz), Toshkent viloyati (43,9 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (43,9 foiz) qayd etildi. 

Top