13:50 / 30.04.2020
13768

Samarqanddan Buxoroga yordam jo‘natildi

Samarqand viloyatidan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari aholisiga 2 ming dona shifer, 10 tonna kartoshka, 4 tonna sabzi, 4 tonna piyoz va 2 tonna o‘simlik moyi jo‘natildi. Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov Kun.uz muxbiriga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 29 aprel kuni xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida Olot va Qorako‘l tumanlari aholisiga amaliy yordam berish tashabbusi bildirilgan. Shu kuni kechasi qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan avtomashinalar karvoni Buxoroga qarab yo‘lga chiqqan.

«Davlat rahbarining o‘zi buxoroliklar holidan xabar olib, ularning ko‘nglini ko‘tarib keldilar. Biz ham bunday sharoitda qo‘l qovushtirib o‘tirolmaymiz, albatta. Shunday paytda bir-birimizga yelkadosh bo‘lishimiz, yordam qo‘lini cho‘zishimiz kerak. Sinovli kunlarda bunday harakatlar hammamiz uchun dalda bo‘ladi», deydi viloyat hokimi o‘rinbosari.

Viloyat hokimligi buxoroliklarga bundan keyin ham yana shu kabi yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Mavzuga oid
Top