07:14 / 30.04.2020
10497
Shimoliy Koreyaga ochlik xavf solishi mumkinligi aytildi

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo koronavirus pandemiyasi vaqtida Shimoliy Koreyaga ochlik xavf solishi mumkinligini ma'lum qildi. Pompeo bu haqda Fox News`ga bergan intervyusida aytgan.

Foto: Getty Images

Pompeodan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning salomatligi haqida nima bilishini so‘rashdi: «Uni ko‘rganim yo‘q, shu uchun nimadir deya olmayman. Biz nafaqat janob Kimning atrofidagi voqealarni, balki butun mamlakatdagi holatni kuzatyapmiz», degan Pompeo.

Shimoliy Koreya koronavirus paydo bo‘lgan Xitoy bilan yaqin aloqada bo‘lsa-da, mamlakatda virus rasman aniqlanmagan. Maykl Pompeo esa pandemiya bu mamlakatga ham zarar yetkazishi mumkinligini ma'lum qildi: «Kasallik ularda ham tarqalishi xavfi yo‘q emas. Shimoliy Koreyada oziq-ovqat yetishmovchiligi, buning ortidan ochlik kelib chiqishi mumkin. Bu bizning maqsadimiz bo‘lgan mamlakatni yadrodan holi hududga aylantirish rejasiga xalaqit berishi mumkinligi sabab vaziyatni diqqat bilan kuzatyapmiz», degan AQSh davlat kotibi.

CNN o‘z manbalariga tayanib AQSh razvedkasi Kim Chen Inning salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni jiddiy o‘rganayotganini ma'lum qilgandi. AQSh prezidenti Donald Tramp bu borada fikr bildirar ekan undagi ma'lumotlarga ko‘ra, Kim Chen Inning salomatligi yomon holatda ekani noto‘g‘riligini aytgandi.

Ma'lumot uchun, Shimoliy Koreya rasman koronavirus qayd etilmagan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib turibdi. Mamlakat rahbari va Mehnat partiyasi yetakchisi Kim Chen In 12 apreldan buyon ko‘rinish bermagani sabab uning salomatligi haqida turli xabarlar paydo bo‘lgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top