17:28 / 30.04.2020
20335
O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 1100dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida yana 7 bemor koronavirusdan sog‘aygani to‘g‘risida ma'lum qildi. Endilikda O‘zbekistonda ushbu kasallikdan tuzalganlar soni 1100dan oshgan.

«Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 6 nafar, shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 1 nafar bemor, jami 7 nafar bemor butunlay  sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari  ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘ayganlarning 3 nafari Toshkent shahridan, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Ularning 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 3 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda. 

Shahar 3-sonli tug‘ruq majmuasida tuzalgan 29 yoshli homilador ayol Toshkent shahridan bo‘lib, joriy yil 26 mart kuni Turkiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur tug‘ruq majmuasiga yotqizilgan. So‘nggi tekshiruvlar unda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi, homilasi esa rivojlanish bosqichida», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 350 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 357 nafarga yetdi. 

  • 30 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 2017taga yetgan, shundan 9 bemor vafot etgan, jami 1103 kishi tuzalgan, ayni vaqtda 905 kishi shifoxonalarda qolmoqda.
Top