20:56 / 01.05.2020
80044
Aholini uy-joy bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy qilinmoqda – Prezident qarori

Aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari, shu jumladan bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Shaharlarda 2 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun dastlabki badalning 10 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident qarori koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joylar qurilishiga keng jalb qilish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan.

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy qilinmoqda.

Ya'ni, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan o‘z mablag‘lari va tijorat banklarining kreditlari hisobiga qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat etilmoqda.

2020 yil 1 maydan boshlab 2022 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan, xalq tilida «korobka» holda) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ham ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat beriladi.

«Korobka» holda qurilgan kvartiralar uchun maksimal kredit miqdorlari belgilandi

Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurilishi tugallangan, shuningdek, tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdorlari:

  • qishloq joylarida – 2 xonali kvartiralar uchun 174 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 224 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • shaharlarda – 2 xonali kvartiralar uchun 180 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 232 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • Toshkent shahrida – 2 xonali kvartiralar uchun 198 mln so‘mdan 264 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 255 mln so‘mdan 352 mln so‘mgacha oshirilsin.

Ipoteka kreditlari muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytirildi

Yangi tartib doirasida aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari (shu jumladan, bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda yangi tartib doirasida tijorat banklarida joylashtirgan kredit resurslari muddatini 15 yildan 20 yilgacha uzaytiradi.

Tijorat banklari bir oy muddatda yangi tartib doirasida jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilgacha uzaytiradi hamda tuzilgan shartnomalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

Top