07:14 / 01.05.2020
12402

AQSh koronavirus uchun Xitoyni iqtisodiy jazolamoqchi - OAV

AQSh prezidenti ma'muriyati Xitoyni koronavirus haqida haqiqatni yashirgani uchun iqtisodiy usullar bilan jazolash rejasini tuzmoqda. Gap Pekinga nisbatan sanksiyalar kiritilishi bilan bir qatorda ikki davlat o‘rtasidagi savdo shartlarini qat'iylashtirish haqida borishi mumkin. 

Foto: AFP/Getty Images

Bu haqda Oq uydagi manbalarga tayanib CNN telekanali xabar berdi.  

Manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, gap nafaqat Trampning prezident saylovlari arafasida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun javobgarlikni Xitoy zimmasiga yuklashga urinishi haqida bormoqda. Ularning ta'kidlashicha, Vashingtonda Xitoy va boshqa davlatlardan o‘zlarini mas'uliyatli tutish talab qilinmoqchi. 

“Biz iqtisodiyotni ko‘tarishimiz lozim, shu sababli ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz. Biroq biz xitoyliklarga ularning harakatlari jazolanishi kerakligini tushuntirib qo‘yish yo‘lini topamiz”, deb aytgan manbalardan biri.

Shu bilan birga, Vashingtonda maxsus xizmatlardan koronavirus manbasi Uhandagi laboratoriya ekanligining isbotlarini topishni talab qilgan holda, Xitoyga nisbatan siyosatni qat'iylashtirish uchun sabablar izlanmoqda. Oq uy ma'muriyatida koronavirus avj olishi kasallangan hayvonlar bilan olib borilgan tajribalar oqibati yoki Xitoy hukumati yashirgan, laboratoriyadagi favqulodda vaziyat bo‘lganini bilishmoqchi.

Trampning o‘zi esa 30 aprelda jurnalistlarga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishi, jumladan, Xitoy hukumatining AQShga “milliardlab dollar” keltirgan savdo kelishuvi uchun AQShda kuzda o‘tadigan prezident saylovlarida uning mag‘lub bo‘lishiga intilayotgani sababli yuz berganini aytdi. “Ularga prezident sifatida uyqu bosgan Jo Baydenni ko‘rish foydaliroq, shunda ular Amerika bilan istagan narsalarini qila oladilar”, deb aytgan Tramp.   

AQSh hanuzgacha Xitoy hukumatining koronavirus paydo bo‘lishiga biror aloqasi bo‘lganining birorta isbotini keltira olmadi. “O‘ylaymanki, biz buning tagiga yetamiz”, deb aytgan CNN manbasi hozirda koronavirus qayerdan paydo bo‘lganini umuman bilish mumkin-mumkinmasligi haqidagi savolga javoban.

Vaholanki, yil boshida, AQShda hali koronavirusga chalinish va undan o‘lish holatlari hozirgidek ko‘p bo‘lmaganda, Tramp Xitoy raisi Si Tszinpinni Pekinning koronavirusga qarshi amalga oshirayotgan sa'y-harakatlari uchun maqtagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top