08:03 / 01.05.2020
5283
JARda umummilliy karantin tugatildi

Janubiy Afrika Respublikasi 1 may kuni koronavirus pandemiyasi sababli kiritilgan va 5 hafta davom etgan umummilliy karantindan chiqdi. Karantin o‘rniga bir qator cheklovlar, jumladan soat 20dan soat 5gacha komendantlik soati amal qiladi.

Foto: EPA-EFE/NIC BOTHMA

Shu bilan birga JAR prezidenti Siril Ramaposa pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha choralarni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha 75 ming harbiy yo‘llashni buyurgan. Uning aytishicha, harbiylar nafaqat fuqarolar tomonidan karantin choralariga rioya qilinishi ortidan kuzatadi, balki tibbiy xodimlarga yordam ko‘rsatadi.

Mamlakatda umummilliy karantin 26 mart kuni kiritilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, JARda koronavirusga chalinganlar 5647 kishini, undan vafot etganlar 103 kishini tashkil qilmoqda. JAR koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha Afrikada 1-o‘rinni egallamoqda.

Hukumat qat'iy karantin choralaridan chiqish kasallanish holatlarining ortishiga olib kelishidan xavotirlanmoqda. Biroq hukumatda karantindan chiqishdan boshqa iloj qolmagan, chunki ijtimoiy tuzilma va iqtisodiyot inqirozi xavfi yuzaga kelgandi.   

JAR hukumati tomonidan pandemiyadan sekin-asta chiqishning vaziyat o‘zgarishiga qo‘ra munosabat bildiruvchi rejasi ishlab chiqildi. U cheklovlarning 5 ta darajasiga asoslangan. 1 maydan 5-daraja bekor qilinib, 4-daraja kiritildi. U karantin rejimiga nisbatan ba'zi yengillashtirishlarni nazarda tutadi.

Bu daraja komendantlik soati kiritilishi bilan bir qatorda tibbiy niqoblarning uydan tashqarida majburiy taqib yurilishini, odamlarning asosan uyda qolishlarini va mehnat faoliyatini tiklamagan bo‘lsalar, uyni o‘ta zarur hollarda tark eta olishlarini anglatadi. Biroq umummilliy karantindagi kabi maxsus propusklar bo‘lmaydi. Shu bilan birga soat 6dan 9gacha va uydan 5 kmdan uzoqroqqa ketmagan holda sport bilan shug‘ullanishga, jumladan yugurish va velosiped uchishga ruxsat beriladi. 

Shuningdek, ushbu darajada JARga xorijliklarning kirishiga taqiqlov saqlanib qoladi, havo va dengiz aloqasi tiklanmaydi. Odamlarning viloyatlararo harakatlanishiga taqiqlov amal qilishi davom etadi. 

Shuningdek, ommaviy yig‘inlar va diniy marosimlar taqiqlov ostida qoladi. 

Shu bilan birga JAR prezidenti mahalliy hokimiyatlarga vaziyatga va sog‘liqni saqlash tizimi holatiga qarab o‘z cheklovlarini o‘rnatish huquqini berdi. Biroq bu harakatlar umummilliy harakatlar bilan muvofiqlashtirilishi lozim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top