19:38 / 01.05.2020
59342

Kim Chen In vafot etgani haqidagi xabar «qariyb yuz foiz» to‘g‘ri - OAV

Kim Chen In 11 aprelda Koreya mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishidan keyin omma oldida ko‘rinish bermayapti.

Foto: Athit Perawongmetha / Reuters

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In vafot etgani to‘g‘risidagi xabar deyarli yuz foizga aniq. Bu haqda Yonhap agentligiga KXDRdan 2006 yilda qochib ketgan va hozirda Janubiy Koreya qonunchilik organida ishlayotgan Chi Son Xo aytdi.  
 
«Bu yuz foiz aniq emas, lekin ehtimol 99 foizni tashkil etadi. Shimoliy Koreya voris borasida jiddiy muammoga to‘qnash kelgani uchun rahbari o‘limi haqida rasman ma'lum qilmayapti», — dedi u.

Chi Son Xo operatsiyadan keyin Kim Chen In yana qancha vaqt yashashi mumkinligini uzoq taxmin qilgan, ammo unga KXDR yetakchisi vafot etganligini xabar qilishgan.

«Kim o‘tgan dam olish kunlari vafot etgan», — dedi u.

U shu bilan birga axborot manbasi kim ekanligini aytmadi. 

Kim Chen In 11 aprelda Koreya mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishidan keyin omma oldida ko‘rinish bermayapti. Jumladan, Shimoliy Koreya yetakchisi 12 aprelda Oliy xalq yig‘inining har yillik sessiyasiga tashrif buyurmagan va o‘z hokimiyati davrida birinchi marta bobosi Kim Ir Sen tavalludining nishonlanishida ishtirok etmagan.

25 aprelda jahon ommaviy axborot vositalari Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etgani yoki miya yarimsharlari shikastlanishiga olib keluvchi “vegetativ” holatda ekanini ma'lum qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Kim Chen In stent o‘rnatish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz jarrohlik amaliyotidan keyin komaga tushgan va hattoki o‘lgan.

27 aprel kuni Janubiy Koreya prezidenti maslahatchisi Kim Chen In o‘zini yaxshi his qilayotganini ma'lum qildi.  

Xitoy, AQSh va Rossiya ham Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

Mavzuga oid
Top