17:44 / 01.05.2020
6884
Samarqand viloyatida eng yuqori sur'at bilan o‘sgan xizmat turlari ma'lum qilindi

Samarqand viloyat statistika boshqarmasi 2020 yilning yanvar – mart oylari bo‘yicha choraklik  ma'lumotlarni tahlil qilib, xizmat turlarning o‘sish ko‘rsatkichlarini e'lon qildi.

Viloyatdagi eng yuqori o‘sish sur'atlari moliyaviy xizmatlar (145,1 foiz)  ta'lim sohasidagi xizmatlar (120,8 foiz), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (118,8 foiz) va sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar (115,3 foiz) qayd etildi. Yuqori bo‘lmagan o‘sish shaxsiy xizmatlarda (0,4 foiz), shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlarda (1,3 foiz) belgilandi.

Samarqand viloyatida 2020 yil yanvar–mart oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 3 224,7 milliard so‘mga yetdi. Bu — o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,7 foizga o‘sish deganidir.

 Xizmatlar sohasining rivojlanish darajasi aholining hududiy va ijtimoiy harakatchanligini, yangi xo‘jalik hududlarini o‘zlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini va moddiy mahsulotlar iste'molini oshirishni ta'minlaydi.

Viloyatda 2019 yil yanvar–mart oylariga nisbatan aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 128,0 ming so‘mga oshdi va 830,0 ming so‘mga teng bo‘ldi, uning o‘sishi 7,5 foizni tashkil etdi.

2019 yil yanvar-mart oylariga nisbatan moliyaviy xizmatlar hajmi 144,2 milliard so‘mga, savdo xizmatlari 120,7 milliard so‘mga, transport xizmatlari 84,1 milliard so‘mga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlar 31,5 milliard so‘mga oshdi. Ta'lim sohasidagi xizmatlar (59,8 mlrd. so‘mga), ijara xizmatlari (18,2 mlrd. so‘mga), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar (20,1 mlrd. so‘mga), shuningdek, shaxsiy xizmatlarda (19,4 mlrd. so‘m) hajmining o‘sishi kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘rsatilgan bozor xizmatlari tarkibida eng katta ulushni savdo xizmatlari egallaydi. Shunday qilib, 2020 yil yanvar–mart oylarida ularning ulushi 28,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, yuqori ko‘rsatkichlar transport xizmatlari 23,9 foiz, moliyaviy xizmatlar 14,3 foiz, ta'lim sohasidagi xizmatlar 5,9 foiz, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari bo‘yicha 5,2 foiz darajasida qayd etildi.

2020 yil yanvar–mart oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmidagi savdo xizmatlarining ulushi 28,4 foizni tashkil etib, bu 916,8 mlrd. so‘mga teng bo‘ldi. Chakana savdo xizmatlari umumiy savdo xizmatlari hajmining qariyb to‘rtdan uchini, aniqrog‘i 77,6 foizga to‘g‘ri keladi.

2020 yil yanvar–mart oylarida ulgurji savdo xizmatlarining ulushi (avtomobillar va mototsikllar savdosidan tashqari) 13,1 foizga yetdi. Avtomobillar va mototsikllarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha xizmatlar, jumladan, avtomobillar va mototsikllarni ta'mirlash bo‘yicha xizmatlarni qo‘shgan holda savdo xizmatlarining umumiy hajmidagi ulushi 9,3 foizni tashkil etdi.

2020 yil yanvar–mart oylarida ta'lim sohasidagi xizmatlar hajmi 188,2 mlrd. so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 20,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilga nisbatan yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarning o‘sish sur'ati 105,4 foizni tashkil etdi, hajmi esa 20,1 mlrd. so‘mga oshdi va 103,9 mlrd. so‘mga yetdi. Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar umumiy hajmida oziq-ovqat va ichimliklar bilan ta'minlash bo‘yicha xizmatlarning ulushi 77,2 foiz bilan ustunlik qiladi. 2020-yil yanvar–mart oylarida yashash bo‘yicha xizmatlar ulushi 22,8 foizni tashkil etdi. Ushbu turdagi xizmatlarning o‘sishiga dam olish uylari, kottejlar va boshqa dam olish maskanlari xizmatlariga bo‘lgan aholining talabi o‘z hissasini qo‘shdi. Sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiyalar va davolash usullarini keng joriy etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

2020 yil yanvar–mart oylarida sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarning hajmi 49,0 mlrd. so‘mga yetdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur'ati 115,3 foizni tashkil etdi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda shuni ayta olamizki, xizmatlar sohasi mamlakat rivoji, kelajagi va xalqning ertasini yaxshilanishida muhim sohalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Samarqand viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati

Top